O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Bobur asarlari lug‘ati” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tilshunoslar, tarjimonlar, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda kechayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayonida buyuk ajdodlarimizning asarlari, ularning ibratli faoliyatini o‘rganish borasida davlatimiz rahbari tomonidan yangi-yangi tashabbuslar ilgari surilayotganini ta’kidladi.

Ma’rifiy anjumanda filologiya fanlari doktorlari, professorlar Hamidulla Dadaboyev, Zulxumor Xolmanova va boshqa ustoz olimlar mazkur nashrning ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Botirali Yo‘ldoshevning aytishicha, Bobur asarlari bundan 500 yil avval yaratilgan va istaymizmi, yo‘qmi, tilda baribir o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Shu ma’noda «Bobur asarlari lug‘ati» kitobi shoir ijod namunalarining asl variantini o‘rganish istagidagi kitobxonlar uchun juda qulaydir.
– O‘zbekiston o‘ylaganimdagidek maftunkor va tabarruk diyor ekan, – dedi turkiyalik olim, professor Muhtaram Sayg‘in. – Bu yurtda buyuk ajdodlar xotirasiga o‘zgacha hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishlarining guvohi bo‘ldim. O‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha ilmiy tahliliy izlanishlar olib boraman. «Bobur asarlari lug‘ati» kitobi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini batafsil o‘rganishda muhim vositadir.
“Bobur asarlari lug‘ati” davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi asosida nashr etildi. Unda “Boburnoma”, “Bobur devoni” va “Mubayyin” asarlaridagi so‘zlar izohi berilgan.
Lug‘at O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etildi.
Lug‘at jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi uchun munosib sovg‘adir.
Buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining ushbu lug‘ati ulug‘ adib ijodining asosiy so‘z boyligini qamrab olgan. Ushbu nashr Bobur asarlari yuzasidan hozirgi lug‘atshunoslik tamoyillari va tarixiy-filologik tahlil asosida tuzilgan.
Unda so‘zlarning mukammal izohi berilgan. Bobur asarlari matnidagi lug‘aviy birliklarni izohlash buyuk mutafakkir ijodini keng yoyish, ommalashtirish, bir qator sohalardagi tadqiqotlar tizimini shakllantirish, shuningdek, o‘zbek tilining ifoda va ta’sir imkoniyatlarini, lug‘aviy birliklarda til egasi tafakkuri, idrokining aks etish darajasini yoritishga xizmat qiladi.
Mazkur lug‘at “Boburnoma” leksikasiga bag‘ishlangan tadqiqot ilovalari hamda hozirga qadar yaratilgan lug‘atlarga tayanilgan holda tuzilgan. Lug‘atda avvalgi tadqiqotlar yoki lug‘atlarda qayd etilmagan so‘zlar, iboralar qamrab olingan, ayrim so‘zlarning izohiga aniqlik kiritilgan.
Lug‘at kitobxonlarga buyuk mutafakkir asarlarini chuqur tushunish, mutaxassislarga tarixiy, qiyosiy-tarixiy grammatika bo‘yicha ashyoviy materiallarni to‘plashda yordam beradi. Lug‘at materiallari Boburning qomusiy tafakkuri va tildan foydalanish mahoratini yoritishda qo‘l keladi. Shuningdek, ushbu nashr o‘zbek tili milliy korpusining tarixiy qatlamga oid lingvistik ta’minoti sifatida ham amaliy ahamiyatga ega. Kitob ilmiy xodimlar, oliy o‘quv yurtlari filologiya fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalari va Bobur ijodining ixlosmandlariga mo‘ljanlangan.
Taqdimotda olimlar tomonidan mazkur lug‘atning ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri