Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 4-turi davom etmoqda. Mazkur turdan o‘rin olgan “OKMK” - "Bunyodkor" bahsi 1:0 hisobida yakunlandi. Ushbu uchrashuvdagi yagona gol 83-daqiqada Arihiro Sentoku tomonidan kiritildi. "Qizilqum - "Lokomotiv" bahsida esa hisob ochilmadi.
Bugun, 30-mart kuni 4-tur doirasida ikkita o‘yin o‘tkaziladi. Jumladan, Toshkentda “Paxtakor” “So‘g‘diyona”ni mehmon qiladi. Andijonda esa “Andijon” klubi “Bobur Arena”da “Nasaf”ni qabul qiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, “Andijon” va “Nasaf” o‘yini bu turning markazi o‘yini hisoblanadi. Keling ushbu ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin oldidan ular haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishamiz.

“Andijon” va “Nasaf” bu yilgi chempionatning o‘tgan 3 turida bir xil 7 ochko to‘pladi. “Andijon” hozirda musobaqada 8 ta gol urgan holda raqib darvozasini eng ko‘p ishg‘ol qilgan jamoa sifatida alohida ajralib turibdi. Nasaf” esa 4 ta gol urishni uddaladi.
Darvoqe, “Andijon” – “Nasaf” jamoalari shu kunga qadar 44 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Ilk uchrashuv roppa-rosa 27-yil avval, aniqrog‘i, 1997-yilning 30-martida bo‘lib o‘tgan.

Hozirgacha o‘tgan uchrashuvlarda “Nasaf” 27 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 7 ta o‘yinda “Andijon” zafar quchgan. Qolgan 10 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati “Nasaf” foydasiga 94-49.
Ammo bu o‘yinlar tarixga aylangan. Bu yilgi mavsumda “Andijon” “Bobur Arena”da yuqori saviyada o‘yin o‘tkazmoqda. “Nasaf” o‘yinida esa ozgina pasayish bor. Bugungi bahsda jamoalar g‘alaba ishtiyoqida maydonga tushadi.
Shu sababdan bugun “Bobur Arena”da haqiqiy “jang” guvohiga aylanamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA