Andijon viloyati Bobur shahrida shu nomdagi kinoloyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning aprel oyida Andijon viloyatiga, xususan, Bobur shahriga tashrifi chog‘ida ulug‘ bobomiz haqida: “Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz bor-yo‘g‘i 47-yil umr kechirdi. Shu qisqa vaqt davomida u inson aqli bovar etmaydigan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgani, qanday me’moriy obidalar, bog‘u rog‘lar barpo etib, o‘zidan o‘chmas nom qoldirib ketgani ham barchamiz uchun yuksak o‘rnak namunasidir.
Shu ma’noda, hazrati Boburning shonu shuhrati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uning bebaho merosini xalqimizga yana-da kengroq tanishtirish, butun dunyoga targ‘ib etish hurmatli olim va adiblarimizning, hammamizning muhim burchimiz hisoblanadi” degan edi.
Davlatimiz rahbarining ana shu fikrlaridan kelib chiqib, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan o‘zbek xalqining tarixi va ma’naviyatida o‘chmas iz qoldirgan buyuk davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqida “Bobur: Andijon shahzodasi” nomli yangi tarixiy kinofilm yaratish ustida ish olib borilmoqda.
[gallery-24346]
Boburshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, ijod qilayotgan kinorejissyor, prodyuser Bahodir Yuldashev boshchiligidagi bir guruh kinoijodkorlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda film loyihasi, ya’ni yaratilajak badiiy film xususida so‘z yuritildi.
“Bobur: Andijon shahzodasi” filmi orqali o‘zbek kinosanoatidagi tarixiy filmlarga bo‘lgan yangicha yondashuv, milliy ruh va obrazni xalqaro sahnaga olib chiqish maqsad qilingan.
Tadbirda kinoijodkorlar tomonidan mazkur loyiha, filmning ahamiyati, mazmun-mohiyati, suratga olish bilan bog‘liq jarayonlar haqida keng ma’lumotlar berildi. Hozirda loyiha doirasida Ravshan Norboyev loyihaning bosh prodyuseri, Abror Xidirov tarixchi-konsultant, Shuhrat Abdumalikov bosh sahna rassomi, Svetlana Rassoxina (Rossiya) grim bo‘yicha bosh rassom, Tatyana Patraxalseva (Rossiya) kostyumlar bo‘yicha bosh rassom, Hojiakbar Zufarov, Farruh Jumayev ijrochi prodyuserlar, Gul Ergen (Turkiya) — loyihaning xalqaro prodyuseri sifatida ish olib bormoqda.
Tadbir davomida tarixchi va boburshunos olimlarning taklif, fikr va mulohazalari tinglandi.
Ayni paytda filmni yaratish bo‘yicha ssenariy va dekoratsiyalar tayyorlanmoqda, tarixiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Suratga olish jarayonlari joriy yilning kuz oylarida boshlanishi belgilangan.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan “Bobur: Andijon shahzodasi” filmi bu – millat xotirasi, buyuk ajdodlarimiz merosi va ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Bobur irodasining ekrandagi o‘ziga xos ifodasi bo‘lishi qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida: yurtimizda tug‘ilib o‘sgan, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, ijod qilayotgan kinorejissyor, prodyuser Bahodir Yuldashev tomonidan 10 ga yaqin filmlar suratga olingan. Xususan, 2017-yilda uning tarixchi olim Abror Xidirov ssenariysi asosida suratga olingan “Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli biografik filmi tomoshabinlar hukmiga havola etilgan.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA