Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi yerlarida kavrak dorivor o‘simligi yetishtiriladi
10:25 / 2023-08-22

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining taxminan 50 foizi dorivor o‘simliklar xomashyosidan tayyorlanadi. Mamlakatimizda ham farmatsevtika sanoatining jadallik bilan rivojlanayotgani dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabning keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Ana shularni inobatga olgan holda yurtimiz yerlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. 

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.Xodjayev rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Uzun tumani Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligida kavrak yetishtirish va qayta ishlash loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha Ishchi guruh tashkil etgan holda joyiga chiqib o‘rganish topshirig‘i berilgan edi. 

Mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, “Asaka bank” AJ va Surxondaryo viloyati hokimligi mas’ul etib belgilangan. 

Mas’ullar Uzun tumani Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligida 20 ming gektar hamda tutash hududdan 10 ming gektar maydonda “Sanoat ipotekasi” dasturi asosida kavrak yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasi yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda. 

Kavrak dorivor o‘simlik bo‘lib, bemor organizmiga ijobiy ta’sir etuvchi xususiyatga ega. O‘simlikning ildizi, bargi, po‘stlog‘i, guli, mevasi, shirasi va boshqa qismlaridan dorivor vosita sifatida foydalaniladi. Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qumli cho‘llar, adirlar, tog‘lar va tog‘oldi yalangliklarda, tuproqli yerlarda o‘sadi. 

Mohigul Qosimova, O‘zA