Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boboshbek” savdo va ishlab chiqarish majmuasi mahsulotlari – jahon bozorida
11:44 / 2022-07-26

Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Uchko‘prik tumanidagi yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va logistika majmuasiga press-tur tashkil etildi.

Dastlab ishlab chiqarish jarayonlari, tadbirkorlar va ishchi-xodimlarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishildi. Uchko‘priklik ishbilarmonlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qurilgan ushbu markaz bugungi kun talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib bunyod etilganini aytadi. Sababi tumanda tikuvchi ayollar, oilaviy korxonalar tashkil etib, mahalladoshlarini ishli qilgan tadbirkorlar ko‘p. “Boboshbek”, “Paloxon”, “Bekmurod”, “Yakkamulla”, “Zig‘ir” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi aholi asosan tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Qo‘li gul chevarlar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya kabi qator davlatlarda ham xaridorgir.

[gallery-8042]

Boboshbekliklar tikkan kiyim-kechaklar O‘zbekistonning barcha hududlariga yetib borgan, endigi marra – jahon bozori.

Press-tur davomida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Prezidentimizning 2021 yil 27 maydagi “Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida majmuada tadbirkorlarning jahon bozorlariga chiqishlari uchun barcha shart-sharoitlar yetarli ekanligi yana bir bor aytib o‘tildi.

Loyihaga ko‘ra, 15 gektar maydonda 316 ta ishlab chiqarish sexi bilan birga 336 ta savdo do‘koni, 560 ta savdo rastasi bo‘ladi. 2 ta logistika markazi tashkil etiladi.

Majmuada yiliga 876 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. 7 ming 700 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun izchil chora-tadbirlar ishlab chiqilib, xorijlik, xususan, turkiyalik investorlar bilan hamkorlik qilinmoqda.

Uchko‘prik tumani delegatsiyasining joriy yil iyun oyidagi Turkiyaga tashrifi davomida ham bir qator kelishuvlarga erishilgan. Matbuot anjumanida shular haqida to‘xtalib o‘tildi. Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va logistika majmuasi qurilishining birinchi bosqichi yakunlari, ikkinchi bosqichida davom etayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

 

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA