Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boboshbek” mahsulotlari tashqi bozorda ham xaridorgir
16:13 / 2024-03-06

FOTOREPORTAJ

Prezidentimizning tegishli qarori bilan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek” MFY hududidagi 15 gektar maydonda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo, ip yigiruv-tikuv kompleksi qurib bitkazilganidan jamoatchilikning xabari bor. 

Bugungi kunda “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasida tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon kabi qator davlatlarda ham xaridorgir.

– Biz Uchko‘prik tumanidagi mazkur yengil sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning savdosini Qirg‘izistonning O‘sh, Batken, Qorasuv shaharlarida tashkil etganmiz, – deydi qirg‘izistonlik tadbirkor Mirsaid Jumanazarov. – Mahsulotlar tabiiy matolardan tayyorlanayotgani va ularning zamonaviy dizayni xaridorlarni o‘ziga jalb qilyapti. Bosqichma-bosqich sotib olayotgan mahsulotlarimiz hajmini oshirib borish niyatidamiz. 

Yaqinda “Boboshbek” savdo-ishlab chiqarish kompleksida tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlarini Ozarbayjonga ham eksport qilish boshlandi. “SHU NILUFAR TEKSTIL OLAMI” korxonasi tomonidan ozarbayjonlik hamkorlar bilan erishilgan uzoq muddatli kelishuvga asosan 48 ming dollarlik 60 turdagi bolalar kiyimlari eksportga yuborildi. 

[gallery-16376]

– “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo kompleksi men kabi yuzlab tadbirkorlarga o‘z faoliyatini kengaytirish imkonini berdi, – deydi yana bir trikotaj korxonasi rahbari Hamidaxon Akbarova. – Ayni kunda 30 nafardan ziyod chevarlarimiz bir oyda o‘rtacha 25-30 ming dona bolalar kiyimini tayyorlashmoqda. Mahsulotlarimizga ichki bozorda va xorijiy davlatlarda talab katta va bu faoliyatimiz barqaror bo‘lishini ta’minlamoqda. 

Ta’kidlash kerakki, ushbu loyiha amalga tatbiq etilgunicha Uchko‘prik tumanidagi Boboshbek, Begmurod, Zig‘ir, Paloxon, Yakkamulla mahallalaridagi aholi o‘z hovlisida tarqoq holda trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarar, tabiiyki, ular o‘zlarining imkoniyati darajasida faoliyat yuritishardi. Ayni kunlarda yangi “Boboshbek” majmuasida tadbirkorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Tuman iqtisodiy salohiyatining yuksalishiga xizmat qilayotgan majmuada ayni kunda 212 ta trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta kichik savdo rastalari va 2 ta zamonaviy logistika markazi tashkil etilgan. 

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA