Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ishlab chiqarish hajmi va eksport salmog‘i o‘sdi, tarqalish geografiyasi kengaydi.
Besh yil oldin tumandagi umumiy eksport hajmi 3 million 939 ming AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil sarhisobiga ko‘ra bu miqdor 82 million dollardan oshdi. Mazkur ko‘rsatkich avvalgi yillarga taqqoslaganda, 20 barobar ko‘p. Buning asosiy qismi sanoat yo‘nalishida ishga tushirilgan loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugun Boboshbek mahallasiga ko‘pchilik havas bilan qaraydi. Bu yerda aholi ilgari o‘z uyida yengil mahsulotlar ishlab chiqargan bo‘lsa, hozirda ularning imkoniyati juda kengaydi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 27 maydagi “Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. O‘tgan qisqa vaqtda “Boboshbek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo, ip yigiruv-tikuv kompleksi qurildi. Umumiy maydoni 15 gektar bo‘lgan yirik majmuada 212 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta kichik savdo rastalari, 2 ta logistika markazi mavjud.
Ayni kunda Boboshbek, Bekmurod, Zig‘ir, Paloxon va Yakkamulla kabi mahallalardagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yuzlab tadbirkorlar mazkur majmuada ishlamoqda. Bugungi kunda “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasida tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya kabi bir qator davlatlarda ham xaridorgir.
Yaqinda majmuada ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlarini Ozarbayjonga eksport qilish boshlandi. “SHu Nilufar tekstil olami” korxonasi tomonidan ozarbayjonlik hamkorlar bilan erishilgan uzoq muddatli kelishuvga asosan bugun 48 ming dollarlik 60 turdagi bolalar kiyimlari eksportga yuborildi.
– Shu kunga qadar Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlar bilan shartnomalar tuzib, “Boboshbek”da ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarini xorijlik hamkorlarimizga yetkazib berayotgan edik, – deydi korxona rahbari Nilufar Sultonova. – Endilikda ozarbayjonlik hamkorlarimiz bilan ham uzoq yillik kelishuvga erishdik. Bugun ushbu kelishuvga asosan qariyb 48 ming dollarlik dastlabki yuklarni jo‘natgan bo‘lsak, yil davomida Ozarbayjonga 5 million dollar miqdorida trikotaj mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Ha, “Boboshbek” majmuasidagi mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligi bilan o‘z xaridorini topmoqda. Bu ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish barobarida hududning eksport salohiyatini yuksaltiradi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri