Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boboshbek –ishsizlikdan xoli hudud
12:51 / 2025-11-13

O‘zbekiston Prezidenti raisligidagi videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini takomillashtirish, joylarda ishlarni yanada samarali tashkil etish masalalari yuzasidan dolzarb vazifalar belgilanib, mahallalar faoliyatiga doir yangiliklar va tashabbuslar aytib o‘tildi.

Xo‘sh, ayni kunda mahalla oldidagi muhim vazifalar nimalardan iborat? Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherzodjon Odilov biz bilan suhbatda shu haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Ma’lumki, mahallada “yettilik” tizimi joriy etilib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ortiq xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilgani, ishsizlik darajasi ikki barobarga qisqargani va 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelganligi quvonchlidir, – deydi Sherzod Odilov. – Prezidentimiz yig‘ilishda “Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, eng avvalo, mahalla “yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib ishlashiga bevosita bog‘liq” ekanligini alohida ta’kidladi.

Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mulk soliqlarini to‘laganlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qildi. Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lib berilishi, shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga 2 milliard so‘mdan ajratilishi mahallalar rivoji, obodligi, farovonligi yo‘lidagi misli ko‘rilmagan imkoniyat bo‘ldi. 

Tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni tugatish borasida viloyatimiz, tumanimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla tizimini yanada takomillashtirish maqsadidagi ko‘pdan-ko‘p xayrli va istiqbolli yangiliklar, tashabbuslar samarasini mahallamiz hayoti misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.

Mahallamizning asosiy “drayveri” yengil sanoat, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishdir. Davlatimiz yordamida fuqarolarimizga chet ellardan ishlab chiqarish dastgoh va uskunalari keltirilgani, ularga subsidiya berilgani, aholining, ayniqsa, yosh yigit-qizlarning tadbirkorlik salohiyati ro‘yobga chiqishi, Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasi hamda logistika markazining tashkil etilgani mahallamiz qiyofasini, odamlarimiz hayot tarzi va turmush madaniyatini tubdan o‘zgartirdi. Nafaqat bizning mahallamiz, shuningdek, Begmurod, Zig‘ir, Paloxon, Yakkamulla mahallalarida yashovchi aholi hayotida ham ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Bugun Boboshbek aholisi tomonidan tayyorlanayotgan sifatli sanoat va trikotaj mahsulotlari shu yerdagi savdo majmuasida, respublikamiz savdo rastalarida xaridorgir bo‘libgina qolmay, logistika markazi orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlariga, jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va Ozarbayjonga eksport qilinmoqda.

Avvalgi yillari mahallamizda 22 nafar ishsiz bor edi. Endilikda ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylandik. Fuqarolarimiz o‘z tadbirkorliklari, Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli katta daromadga ega bo‘lishyapti. Bizda hozir kambag‘al oila yo‘q, aksincha, xonadon sohiblari qo‘sha-qo‘sha yengil mashinali bo‘lishyapti, zamonaviy imoratlar qurib, to‘ylar qilishmoqda.

Mahallamizda 6230 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 2703 nafarini ishga layoqatli xotin-qiz tashkil etadi. Ayollarimizning 75 foizi tadbirkorlik, trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va mahalliy hamda xorijiy bozorlarga yetkazib berish bilan band. Hamidaxon Akbarova rahbarlik qilayotgan “Dassi” korxonasida 45 nafar, Irodaxon Sodiqova boshchiligidagi “Xudoyorxon” korxonasida 40 nafar, Dilnozaxon Yusupovaning “Nilu babi” korxonasida 60 nafar xotin-qiz jahon andozalariga mos mahsulotlar tayyorlab, dunyo bozorlarini egallayotganidan mamnunmiz.

Tumanimiz iqtisodiyotining yuksalishi, mahallamiz fuqarolarining hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga zamin yaratgan “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasida ayni kunda 212 ta trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, 560 ta kichik savdo rastasi va 2 ta zamonaviy logistika markazi faoliyat olib borayotgani ish o‘rinlari, daromad, savdo-sotiq va eksport salohiyati ko‘lamining naqadar ulkan ekanligini ko‘rsatadi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA