Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobolarimiz hayot tarziga, harakatlarga qarab o‘yinlarni kashf etgan
19:46 / 2023-03-06

Ko‘p harakat qilgan organizm yashovchan bo‘ladi. Bobolarimiz hayot tarziga, harakatlarga qarab o‘yinlarni kashf etgan. Odam umri davomida qiladigan xatti-harakatlar, tirikchilik tashvishi, chetdan bo‘ladigan turli qarshiliklarni yengish, oilani himoya qilish kabi hayotiy vaziyatlar bu o‘yinlarga mavzu bo‘lgan.

O‘yinlarda tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar syujeti jonlantirib borilgan. Bu insonni ma’nan, axloqiy, estetik jihatdan tarbiyalaydi. Chunki o‘yinlar jamiyat hayotida mehnatdan keyingi hodisa sanaladi. Ibtidoiy zamonlarda odamlar o‘yinlar orqali ovchilik jarayonlarini aks ettirganlar.  

Quyida «Chuchmomojon-chuchmomo» o‘yini bilan sizlarni tanishtiramiz. 

CHUCHMOMO  

Milliy o‘yinlarimizda turli vositalardan foydalaniladi. Bu vositalar esa bejizga tanlanmaydi. Ularning har birining o‘z vazifasi bor.  

Chuchmomo guli vositasidagi bu o‘yin ayni erta bahor kunlari qir-adirlar, soy bo‘ylarida o‘ynaladi. O‘yinda qiz va o‘g‘il bolalar ishtirok etadi. Buni o‘yinning mazmuni talab qiladi. Avvalo bolalar adolatni nazorat qilish uchun o‘yinboshi tanlab oladilar. Shundan so‘ng ishtirokchilar aralash holatda ikki guruhga bo‘linadi. Har bir guruhning o‘z sardori bor.  

O‘yinboshi har ikkala sardorni oldiga chaqirib topishmoq aytadi yoki kaftiga tosh berkitadi. Qaysi sardor topsa, o‘yinni o‘sha tomon boshlaydi. Aytaylik, mana tosh topildi. Endi har ikkala guruh orada o‘ttiz metrcha masofa qoldirib qator bo‘lib turadilar.  

O‘yinni boshlaydigan guruh a’zosi qo‘lidagi chuchmomoni ko‘z-ko‘z qilgancha, raqib guruh tomonga turli muqomlar, hazil harakatlar, raqs bilan yaqinlasha boshlaydi. Uning jamoadoshlari esa gul eltuvchini:  

Chuchmomojon, chuchmomo,

Go‘zallikka o‘ch, momo.  

Qizlar seni taqmasa, 

Husning bekor, puch momo, 

deya qo‘shiq aytib qo‘llab-quvvatlab turadi.  

Chuchmomo olib borayotgan yigit raqib guruhidagi barcha qizlarga qarata hazilga moyil raqsga tusha boshlaydi. Qizlar uning kulgili harakatlaridan zavqlanib turganlarida ulardan biriga to‘satdan chuchmomoni tutadi. Ammo qiz uni darrov olmaydi. Yerga boqqancha iymanib turaveradi. Yigit esa ahdidan qaytmaydi. Jo‘shqin harakatlar bilan qizni eritishga urinaveradi. Mana nihoyat, qiz gulni qabul qildi. Shart shuki, bunday holatda chuchmomo eltgan yigit darhol o‘z guruhi tomon qochishi kerak. Chunki, raqib guruh yigitlari uni quvlashga shay bo‘lib turadi. Mabodo, ular chuchmomo eltgan bolani ushlab olsa, guruhlariga qo‘shib oladi. Bordiyu, u chaqqonlik qilib, tutqich bermasa, gulni qabul qilgan qizni o‘rtaboshi xaridor tarafga olib borib beradi.  

O‘yin ana shu tarzda davom etadi. O‘yin harakatli, shu bilan birga, vositali o‘yinlar sirasiga kiradi. Vosita sifatida chuchmomodan foydalanadilar.  

Bolalarning bunday o‘yinlarga oshno tutinishlari ularning sog‘lig‘i mustahkam bo‘lishi, ruhiyatlari ko‘tarilishi, ma’naviyatlari yuksalishiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. 

Guljahon Mardonova, O‘zA