Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘sh turgan inshootlardan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda
17:26 / 2017-10-25

Yangi loyihalarga 155 milliard so‘mlik va 1,1 million dollarlik investitsiya jalb etish va 6 mingga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bunda albatta tijorat banklari ham yaqindan ko‘mak beradi.

Farg‘ona viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoit yaratish, bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada ravnaq toptirish va liberallashtirish borasidagi muhim vazifalardan biri sifatida xususiy mulkning rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan ob’ektlar negizida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish belgilangan.

Prezidentimizning 2017 yil 23 fevraldagi "Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Mazkur hujjatga muvofiq, ilgari xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishning samarali mexanizmi joriy qilindi.

– Ushbu mexanizm davlat mulkini xususiylashtirib olgan, ammo bugungi kunda ishlab chiqarishni tashkil etishda muammo va to‘siqlarga duch kelayotgan mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshirdi, – deydi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi A.Hakimov. – Qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi. Mazkur komissiyaning ishchi guruhlari tomonidan viloyatdagi 5 ming 49 ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, 3 ming 796 ob’ekt faoliyat yuritayotgani, 912 ob’ekt buzib yuborilgani, 341 ob’ekt bo‘sh turgani aniqlandi. Mulkdorlar bilan birgalikda qurilishi tugallanmagan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanishni ko‘zda tutuvchi investitsiya loyihalari ishlab chiqildi.

Yangi loyihalarga 155 milliard so‘mlik va 1,1 million dollarlik investitsiya jalb etish va 6 mingga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bunda albatta tijorat banklari ham yaqindan ko‘mak beradi.

– Korxonamiz tomonidan Beshariq tumanidagi sobiq momiq fabrikasi bino-inshootlari negizida maishiy xizmat va savdo majmuasi tashkil etilmoqda, – deydi “Beshariq Anis qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sh.Soyibnazarov. – Buning uchun 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etilmoqda. Yaqin kunlarda mazkur loyiha yakunlanib, ishga tushiriladi va ko‘plab ish o‘rni yaratiladi.

Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona poligraf servis”, “Gaz buyum servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan ham ayni kunlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muxtasar aytganda, ilgari xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali hamda oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muammo va to‘siqlarga duch kelayotgan mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, faoliyatsiz korxonalarni tadbirkorlik faoliyatiga jadal jalb etishga qaratilgan. Yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan bunday chora-tadbirlar samarasida joylarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.