“Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” samara beryaptimi?
Buxoro shahrida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan jurnalistlar uchun “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ga press-tur uyushtirildi.
Buxoro shahrida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan jurnalistlar uchun “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ga press-tur uyushtirildi.
Dastlab “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Buxoro viloyati boshqarmasi binosida faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro shahar “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da jurnalistlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Ibragimova jurnalistlarga maktabning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berdi.
– Jamiyatning barqarorligi ko‘p jihatdan oila mustahkamligiga, undagi tinch-totuvlikka bog‘liq, – dedi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining viloyat boshqarmasi boshlig‘i, falsafa fanlari doktori, professor A.Huseynova. – Bu esa yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni taqozo etadi. Bu hammaga ma’lum haqiqat. Jamiyatimizda mazkur masalaga katta e’tibor qaratib kelingan. Ammo bugungi davrda yoshlarni oilaga tayyorlashda ularning jamiyatning muhim bo‘g‘ini haqidagi tushunchasini boyitish, ushbu muqaddas qadriyatning ahamiyati va mas’uliyatini his etishi yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. U masalaga ilmiy-amaliy, kreativ yondashishni, innovatsion usullardan foydalanish zaruratini ilgari surmoqda. “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” bu borada muhim ahamiyatga ega. Unda FXDYolarga nikoh uchun ariza bergan yoshlar bir oy mobaynida oilaviy hayot psixologiyasi va oilaviy-huquq munosabatlari, diniy va axloqiy tarbiya, reproduktiv salomatlik mavzularda o‘tkaziladigan 16 soatlik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishyapti. Darslar professor-o‘qituvchilar, psixologlar, iqtisodchilar, shifokor olimlar tomonidan interfaol usulda olib borilayotir. Buning samarasi nimada ko‘rinadi? Boshqarmamizning shahar va tumanlar bo‘limlarida tashkil etilgan “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 500 juftlik tahsil oldi va turmush qurdi. O‘rganishlar ko‘rsatdiki, ularning oilasi ahil, ya’ni mustahkam.
Jurnalistlar maktab faoliyati, undagi sharoitlar bilan ham tanishdilar. O‘quv kurslari tashkil etilgan xonalar tegishli jihozlar, jumladan, axborot-kommunikatsion texnologiyalar xonasi zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan. Kutubxona, ovqatlanish xonalari tinglovchilar xizmatida.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari innovason maktabning navbatdagi bitiruvchilariga sertifikat topshirish marosimida ishtirok etdilar.
Qayd etish lozimki, “Oila” markazining hududiy boshqarma va bo‘limlari oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, jamiyatda zamonaviy namunali oila mezonlarini joriy etish sohasida ko‘lamli ishlarni olib bormoqda. Masalan, 2019 yilning o‘tgan davrida Buxoro viloyat boshqarmasida 35 nafar FHDYo xodimlari, 20 nafar mahallalarning tegishli vakillari hamda “Oila” markazining tuman va shahar bo‘limlari rahbarlari va qator mutaxassislari o‘quv kurslarida malakasini oshirdi. Bu ularga oilalarni mustahkamlash tadbirlari samaradorligini ta’minlashda qo‘l kelishi, shubhasiz.