“O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi, modernizatsiya ishlari holatini qayta ishlash korxonalari faoliyati misolida o‘rgandi.
Dastlab, Qorovulbozor shahridagi quyish-to‘kish estakadasidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishildi. O‘rganish davomida zavodda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va jo‘natish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Maydonchada quyish-to‘kish estakadasining metall konstruksiyalari, ochiq nasos stansiyasining montaj ishlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda zavodda umumiy maydoni 15,75 gektarni tashkil qiluvchi quyish-to‘kish estakadasini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Foydalanilmayotgan sig‘imlar demontaj qilinib, texnologik quvurlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, maydonda sig‘imlar parki, ob’ekt infratuzilmasi, ko‘pikli yong‘in o‘chirish tizimini qurish, qayta tiklash, temir yo‘l relslarini yotqizish ishlari olib borilmoqda. Aytish joizki, ishlarning katta qismi zavod mutaxassislari hamda ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, quyish-to‘kish estakadasi xom-ashyoni qabul qilish, saqlash va tayyor mahsulotlarni jo‘natishga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, bu yerda sisterna va avtotsisternalardan quyish-to‘kish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Zavodda sig‘imlar parkini kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ishchi guruh a’zolari tomonidan mazkur loyiha bilan bog‘liq muammoli masalalarni ham muhokama qilindi. Ob’ektlarni o‘z vaqtida topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur loyihani amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida 250 dan ortiq neft va gaz sohasi mutaxassislari jalb etilgan holda tezkor shtab tuzildi. Barcha ishlar xavfsizlik qoidalari va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilingan holda amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 iyuldagi 158-sonli bayonnomasida belgilangan topshiriqlarni bajarish maqsadida iste’molchilarni sifatli mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, zarur zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xususan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida sintetik GTL naftasini avtomobil benzini ishlab chiqarishga jalb etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida jami 900 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlandi. Belgilangan reja 103,2 foizga bajarildi. Natijada, qayd etilgan davrda 542,8 ming tonna avtobenzin, 153,4 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi.
Eng e’tiborlisi shundaki, respublika tovar xom ashyo birjasi savdolari natijalari bilan joriy yanvar-iyul oylarida respublika iste’molchilariga sotilgan jami avtobenzinning 70-80 foizi va dizel yonilg‘isining 40-50 foizi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashda “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan GTL nafta xomashyosini qayta ishlashga jalb qilish orqali avtobenzin ishlab chiqarish miqdori oshmoqda.
Zarif Komilov,O‘zA