Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMTning Ta’limni transformatsiya qilish sammitiga tayyorgarlik
20:29 / 2022-06-22

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi tufayli O‘zbekistonda 6,2 millionga yaqin o‘quvchi ta’limda uzilishga duch kelgan. Masofaviy ta’lim imkoniyati cheklangani va ayni jarayondagi kamchiliklar ta’lim inqirozini yanada chuqurlashtirdi.

Ta’lim sohasidagi bu yo‘qotishlar nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda kuzatildi. Shu bois joriy yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 77-sessiyasi kun tartibiga Ta’limni transformatsiya qilish (TES – Transforming Education Summit) sammiti ham kiritilgan. Anjuman pandemiya tufayli yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish, ta’lim siyosatini qayta ko‘rib chiqish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatni jadallashtirish yechimini topishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etishi kutilayotgan ushbu nufuzli, yuqori darajali sammitga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha joriy yil 28-30 iyun kunlari YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida ta’lim vazirlari ishtirokida tayyorgarlik uchrashuvi o‘tkaziladi.

Mazkur tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida milliy maslahatlashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, BMTning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchi ofisi, YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, hamda qator vazirlik, idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda umumiy o‘rta va professional ta’limni tubdan takomillashtirish, xalqaro ta’limga integratsiyalashish, ta’lim sifatini yuqori bosqichga olib chiqish borasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Bu jarayonda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida belgilangan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 4-yo‘nalishi hisoblangan umumqamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda insonning umri davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ta’lim sifatini oshirish, sifatli ta’lim olish uchun barchaga teng sharoit yaratish inson kapitalini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada, avvalo, pandemiya tufayli ta’limda yuzaga kelgan bo‘shliq va yo‘qotishni bartaraf etish kerak. Ayni yo‘nalishda mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2026 yilgacha barcha 6 yoshli bolalarni majburiy maktabgacha tayyorlov bilan va 2030 yilga qadar barcha 3-7 yoshli bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish maqsad qilingan.

Maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmasini shakllantirish, o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, darslik va o‘quv-metodik majmualarni zamon talabi asosida takomillashtirish, xalq ta’limi muassasalarining xalqaro standartga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadida 2022-2026 yillarda Xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur qabul qilindi. O‘zbek yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 3 barobar, oliy ta’lim muassasalari soni 2,4, nodavlat OTM soni 8,5 marta oshdi. 2023 va 2030 yillarda oliy ta’limni qamrab olish darajasini mos ravishda 35 va 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Maslahatlashuv anjumanida ta’lim sohasidagi vazirlik, idoralar rahbarlari Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida ma’lumot berdi.

Tadbir inklyuziv, adolatli, xavfsiz va sog‘lom ta’lim tashkilotlari, o‘qituvchilar, o‘qituvchi mavqei, o‘qituvchilik kasbi, hayotiy, ish va barqaror rivojlanish uchun zarur bilim, ko‘nikma, ta’limda raqamli transformatsiya hamda ta’limni moliyalashtirish kabi beshta tematik soha bo‘yicha ishchi guruh sessiyalariga bo‘lingan holda davom ettirildi.

Milliy maslahatlashuvdan ko‘zlangan maqsad 2030 yilgacha ta’limni transformatsiya qilish uchun manfaatdor tomonlar o‘rtasida umumiy qarash, majburiyat va kelishuv ishlab chiqish, shu bilan birga ta’limdagi yo‘qotishni bartaraf etish, BRM erishishdagi holatni yaxshilash va ta’limni qayta ko‘rib chiqish siyosati, jarayonni rejalashtirish va moliyalashtirishdagi o‘zgartirishlarni muhokama qilishdan iborat.

- Afsuski, pandemiya xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimiga jiddiy zarar yetkazdi, - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Asxtana. – Maktablar, oliy o‘quv yurtlari yopildi. Natijada butun dunyoda o‘quvchilar maktabga borishdan mahrum bo‘ldi. Ayni payt O‘zbekistondagi maktablar odatiy ta’lim tizimiga o‘tgan bo‘lsa-da, bir qator xorij davlatlarida hamon maktablar faoliyati to‘xtatilgan. Dars masofaviy o‘tilyapti. O‘g‘il-qizlar hamon maktabga qaytmagani barchamizni birdek tashvishga soladi. BMTning yuqori darajadagi ushbu sammitidan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’limga bo‘lgan qarashni o‘rganish, tahlil qilish, kelajakdagi ehtimoliy muammolarga oldindan tayyor turishga o‘rganishdir. Ayni jarayonda mana shunday maslahatlashuvlarning o‘rni beqiyos. bugungi tadbirda barcha vazirlik, idoralar mas’ul xodimlari faol ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirishi juda muhim. Zero, milliy maslahatlashuv bayoni O‘zbekiston uchun kelajak ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi.

Maslahatlashuv natijasi va bayoni mintaqaviy hamda global Ta’limni o‘zgartirish sammitiga taqdim etiladi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA