English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMTning sobiq rahbari pandemiyaning ilk sababini ma’lum qildi
18:20 / 2021-07-24

Dunyo pandemiya holatida yashamoqda. Bunday bo‘lishiga eng birinchi sabab insoniyat ochko‘zligi sababli iqlimni o‘zgartirib yuborganlikda va bu muammoni hal etish zarur, dedi BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun.

"Hozirgi paytda insoniyat koronavirus tufayli misli ko‘rilmagan darajadagi azoblarni boshdan kechirmoqda. Ko‘p mamlakatlarda emlash boshlangandan keyin odamlarda umidli kayfiyat paydo bo‘lgan edi, ular nihoyat niqoblardan voz kechib, kundalik hayotga qaytish haqida o‘ylay boshlagandi. Biroq ularning umidlari koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi variantlari keng tarqala boshlagandan keyin puchga chiqdi", - dedi Pan Gi Mun, Xitoyning Chansha shahrida ekologiyaga bag‘ishlab uyushtirilgan anjumanda videoaloqa tarzda chiqish qilib.  

BMTning sobiq rahbari ta’kidlashicha, "biz mazkur fojeali voqe’likning qachon tugashini oldindan ayta olmaymiz, lekin ishonchim komilki, garchi koronavirus infeksiyasini yengib o‘tishimiz mumkin bo‘lsada, bunday fojealar istalgan vaqtda yana takrorlanishi mumkin, shu bois muammoning alomatlarini emas, balki ilk sabablarini bartaraf qilishimiz kerak".

"Ushbu vaziyatning asosiy sabablari nima? Mening o‘ylashimcha, bu insoniyatning ochko‘zligi ortidan boshlangan iqlim o‘zgarishidir. Iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish uchun havoni ifloslantirishni to‘xtatishimiz kerak", - ta’kidladi u.

Pan Gi Munning aytishicha, u qutb muzliklari qanchalik tez erib ketayotganini, dengiz sathi tez ko‘tarilayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan va bu holat kelajakda  sohilbo‘yi shaharlar hamda orol mamlakatlar uchun fojeali oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

"Havoni ifloslantirayotgan asosiy davlatlar hisoblangan AQSH, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari 2050 yoki 2060 yilda atrof-muhitga chiqindi chiqarishni butunlay to‘xtatishga va’da bergan. Ular  o‘z va’dasi ustida turishi lozim. Kelgusi avlodning kelajagi ushbu va’dalarning qay darajada bajarilishiga bog‘liq", - qo‘shimcha qildi u.