Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha elektron o‘quv kursi taqdimoti
18:16 / 2023-09-27

O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari akademiyalari xodimlari va kursantlari uchun BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha elektron o‘quv kursi yaratildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur o‘quv kursiga bag‘ishlangan milliy brifing bo‘lib o‘tdi.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mitaqalararo tadqiqotlar instituti, DXX, IIV akademiyasi, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquqni muhofaza qilish organlari akademiyalari professor-o‘qituvchilari va kursantlari, BMT ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

[gallery-13752]

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan terrorizmga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilayotgani, bu  davlatning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga ham mos kelishi alohida ta’kidlandi. Bu jarayonda, albatta, inson huquqlari ta’minlanishiga qat’iy rioya qilinmoqda.  

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashishning fundamental asosi – bu inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini himoya qilish bir-birini inkor etuvchi emas, balki to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi maqsadlardir.  

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – huquq-tartibot idoralari xodimlari va bo‘lajak ofitserlarni terrorizmga qarshi chora-tadbirlar doirasida inson huquqlarini ta’minlashning asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgan elektron o‘quv kursi bilan tanishtirishdan iborat.  

BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, ushbu o‘quv kursi BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Ta’lim va tadqiqotlar instituti (UNITAR) va BMTning Loyiha  xizmatlari bo‘yicha byurosi (UNOPS), BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, YNISEF bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.  

Qayd etib o‘tilganidek, ushbu elektron o‘quv kursi Markaziy Osiyoning o‘ziga xos sharoitlariga moslashtirilgan bo‘lib, terrorizmga qarshi kurashish kontekstida inson huquqlari va qonun ustuvorligini himoya qilish hamda ularga rioya etish sohasidagi xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarni o‘zida aks ettiradi.  

O‘quv dasturi BMTning Global aksilterror strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi ijroiya boshqarmasining ma’ruzalari va tavsiyalari, shuningdek, BMTning terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisining materiallari hisobga olingan.  

Ushbu elektron kurs Markaziy Osiyoda xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalari bilan shug‘ullanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, terrorizmga qarshi kurash, razvedka xizmatlari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari va ekspertlari uchun mo‘ljallangan.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha elektron o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar salohiyatini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shishini ta’kidladilar.  

Shu bilan birga, elektron kursning joriy etilishi bo‘lajak ofitserlarga terrorizmga qarshi kurash kontekstida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro norma va standartlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.  

             

N.Abduraimova, O‘zA