Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Oʻzbekiston bilan hamkorlikni olqishlaydi
16:45 / 2020-06-16

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi oʻzining navbatdagi, 2019-yil uchun Yillik hisobotini taqdim etdi.


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi oʻzining navbatdagi, 2019-yil uchun Yillik hisobotini taqdim etdi.

Ushbu hujjat BMT Oliy komissari va uning Boshqarmasi faoliyatining muayyan davridagi faoliyati yakunlariga doir maʼlumotlardan iborat. Hisobot Boshqarmaning bosh qarorgohi va joylardagi vakolatxonalari tomonidan amalga oshirilgan turli yoʻnalishlardagi keng hajmli ishlarni qamrab olgan.

Joriy maʼruza Mishel Bachelet Oliy komissar sifatida ish boshlagan dastlabki toʻliq yil yakunlari boʻyicha tayyorlangan. Maʼlumki, avval ikki muddat Chili prezidenti sifatida faoliyat koʻrsatgan M.Bachelet 2018-yil sentyabrida mazkur lavozimga Zayd al-Husayn (Iordaniya) oʻrniga tayinlangan.

Hisobot asosan quyidagi masalalarga oid axborotlardan iborat:

BMTning tinchlikparvarlik amaliyoti va inson huquqlari integratsiyasiga koʻmaklashish;

Boshqarmaning turli hududlarda joylashgan 84 ta vakolatxonasi salohiyatini oshirish va texnik hamkorlik boʻyicha imkoniyatlarini kuchaytirish;

12 ta tinchlikparvar missiyaning huquq himoyasiga doir vakolatlari doirasida monitoring va muhofaza qilish borasida ish olib borish hamda inson huquqlari boʻyicha asosiy shartnomalarning 37 tasini ratifikatsiya qilish, mazkur shartnomalarga qoʻshilish uchun yordam koʻrsatish;

77 ta mamlakatda qiynoqlardan jabr koʻrgan qariyb 36 ming shaxsning reabilitatsiya qilinishi va koʻmak olishini taʼminlash;

kamsitishlarning barcha shakllarini taqiqlashga qaratilgan 15 ta yangi milliy qonun qabul qilinishiga yordam berish.

Taʼkidlash joiz, hisobotda ilk bor Oʻzbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik boʻyicha erishilgan oʻsish natijalari haqida batafsil axborot havola etilmoqda. Mamlakatimizga taalluqli ushbu maʼlumotlarni Oliy komissar oʻz maʼruzasining muqaddimasidayoq qayd etgani diqqatga sazovor.

Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha milliy indikatorlarni ushbu sohadagi xalqaro huquq talablariga toʻliq mos holda ishlab chiqishga xizmat qilgan. Bu holat BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan ijobiy baholanganini alohida taʼkidlash lozim.

Eʼtirof etilishicha, bunday natija Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqa taraqqiyot rejalarini amalga oshirishda Oʻzbekistonga boshqa mamlakatlar qatori inson huquqlarini himoya qilish masalalarini hamda BMTning huquqni muhofaza qilish mexanizmlari tavsiyalarini hisobga olish imkonini beradi.

Hisobotda Oʻzbekistonning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishiga doir jarayon ilgari siljigani ham qayd etilgan. Xususan, mamlakatimizning BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ bayonnomasiga qoʻshilishiga koʻmaklashish boʻyicha bir qator tadbirlar oʻtkazilgan. Ayni mavzudagi muhokamalarda fuqarolik jamiyati vakillari ham faol ishtirok etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil dekabrda qabul qilingan Qarorda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish borasidagi faoliyatni kuchaytirish koʻzda tutilganiga eʼtibor qaratilgan. BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi shu yoʻnalishlardagi xalqaro tajriba va ilgʻor amaliyotni oʻrganishga doir bir qancha loyihalarni amalga oshirgani muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, BMTning ustav va shartnomaviy organlariga maʼruzalar tayyorlash boʻyicha milliy mexanizmlar salohiyati sezilarli darajada mustahkamlangani taʼkidlangan. Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan oʻzaro hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi oʻzining asosiy dasturilamal hujjatini tayyorlagan va taqdim etgan sanoqli mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda BMTning huquqni himoya qiluvchi barcha tuzilmalari ushbu hujjatdan qoʻllanma sifatida foydalanmoqda.

Tegishli davlat organlari, inson huquqlarini himoya qilish milliy muassasalari va fuqarolik jamiyati oʻrtasida BMTning inson huquqlari boʻyicha qoʻmitalari bildirgan yakuniy tavsiyalarni amalga oshirish va erishilgan natijalarni muntazam monitoring qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish ishlari takomillashtirilgan.

Maʼruzada Oʻzbekiston akademik doiralari, aloqador vazirliklar va davlat muassasalari vakillarini oʻqitish, mutaxassislar kasbiy malakasini oshirish boʻyicha qilingan ishlar ham aks etgan.

Bundan tashqari, mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi nashrlari va axborot materiallarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etish borasida erishilgan natijalar qayd etilgan.

Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati