BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (GMMB) bu yil butun dunyo bo‘ylab odamlarga yordam berish uchun zarur 54,8 milliard dollarning atigi 20 foizi kelib tushganini ma’lum qildi. Bu haqda “Sinxua” agentligi yozdi.
– Mablag‘ bo‘shlig‘i millionlab odamlarning oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘lig‘i va himoyasi ta’minlanishi jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va biz donorlarni favqulodda gumanitar rejaga saxovat ila hissa qo‘shishni davom ettirishga chaqiramiz, – dedi tashkilot rahbariyati. – GMMB ehtiyoji o‘sishini hisobga olgan holda, moliyalashtirish davom etishi uchun kurashyapmiz.
– Joriy yil o‘rtalarida 362 million kishi favqulodda yordamga muhtojligi aniqlandi, bu yil boshidagi ko‘rsatkichdan 13 million ko‘p, – deyiladi tashkilot xabarnomasida. – Nafsilambrini aytganda, hozir dunyodagi har 22 kishidan biri yordamga muhtoj. Ayniqsa, Myanma, Afg‘oniston, Burkina-Faso, Kongo Demokratik Respublikasi, Somali va Venesuelada inqiroz chuqurlashgan.
Dunyodagi eng murakkab va uzoq davom etgan gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirayotgan Kongo Demokratik Respublikasi 2022 yil 1,88 milliard dollarlik yordamga muhtoj bo‘ldi. Ma’lumotga ko‘ra, bu yil 10 million kishini qo‘llash va himoya qilish uchun ushbu mamlakatga 2,25 milliard dollar zarur.