BMT Xavfsizlik Kengashi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Donald Trampning G‘azodagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha keng qamrovli rejasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” nashri.
Ta’kidlanishicha, Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 13 tasi hujjatni yoqlab ovoz bergan, faqat Rossiya va Xitoy betaraf qolgan.
Amerika rejasida G‘azoda vaqtinchalik boshqaruv organi (“tinchlik kengashi”) va ikki yillik vakolatga ega xalqaro barqarorlashtirish kuchini yaratish ko‘zda tutilgan. Hujjatda shuningdek, ikki davlatli yechim tilga olinmagan.

Trampning 20 banddan iborat G‘azo kelishuvi rejasi sektorning kelajakdagi boshqaruvida HAMASning bevosita yoki bilvosita ishtirokini istisno qiladi.
O‘z navbatida, HAMAS rezolyutsiyani “Falastin xalqi manfaatlariga xizmat qilmagani uchun” rad etdi.
AQSH rezolyutsiyasi loyihasida “xalqaro barqarorlashtirish kuchi”ni qo‘llab-quvvatlovchi va “Hamassiz G‘azo sektoridagi falastinliklar uchun barqaror, xavfsiz, tinch va farovon kelajak”ni ta’minlovchi bandlar mavjud.
S.Rahimov, O‘zA