Qamaldagi G‘azo sektorida o‘n minglab bolalar o‘ldirilgan yoki nogironlikka duchor qilingan. Bu haqda BMT Inson huquqlari kengashi 56-sessiyasida Falastin hududida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha BMT mustaqil xalqaro komissiyasi raisi Navi Pillay aytib o‘tdi.
Yana minglab falastinlik bolalar jasadi G‘azodagi vayron qilingan binolar ostida qolgan bo‘lishi mumkin, dedi u.
Urush bolalar farovonligi uchun zarur infratuzilmaga, jumladan kasalxona, maktab va asosiy xizmat ko‘rsatish muassasalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
7 oktyabrdan beri G‘azoda 37 300 falastinlik halok bo‘ldi, ularning aksariyati ayollar va bolalar. Jami 85 400 odam tan jarohati olgan, buni mahalliy sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumoti tasdiqlaydi. Isroilda qurbonlar soni 1200 ga yaqin.
Isroilni genotsidda ayblagan Xalqaro sud qarorida 1 milliondan ortiq falastinlik boshpana topgan Rafohga hujumni zudlik bilan to‘xtatish talab qilingan.
Sakkiz oy davomida G‘azoning aksar hududi vayronaga aylandi. Mahalliy aholi oziq-ovqat, toza suv va dori-darmon bilan bog‘liq keskin tanqislikka duch kelgan.