COP 28 — BMT iqlim konferensiyasi doirasida Milliy moslashuv rejalarini (MMR) amalga oshirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi.
Tadbirda A.Abduhakimov O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha samarali moslashuv yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish tarafdori ekanini qayd etdi. Shuningdek, Konvensiya kotibiyati bilan (MMR)ni ishlab chiqishda resurslarni jalb qilish va texnik yordam ko‘rsatish istiqbollari muhokama qilindi.
Asosiy maqsad mamlakatlar, jumladan, kam rivojlangan davlatlar, rivojlanayotgan kichik orol davlatlari va boshqa zaif mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga moslashishga yordam beradigan g‘oyalar va strategiyalarni aniqlashga qaratildi. Iqlim barqarorligiga erishish uchun transformatsiya va uni amalga oshirishni jadallashtirishning asosiy jihatlari xususida takliflar ilgari surildi.
(UNFCCC) Ijrochi kotibi Saymon Still iqlim barqarorligiga erishish uchun (MMR) muhim ekanligini ta’kidladi. Boshqa davlatlar vazirlik rahbarlari ham asosiy moslashuv masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bildirdi.
Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 30 ta davlatda Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash borasida kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA