Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“BMT tamoyillari hech qachon bu qadar hujum ostida qolmagan” – Falastin masalasidagi sessiya
20:59 / 2025-09-23

Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida navbatdagi global ahamiyatga molik voqelik – “Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Yig‘ilishda chiqish qilgan Bosh kotib Antoniu Guterrish G‘azo, Ukraina, Sudan va dunyoning boshqa hududlarida tinchlik va xalqaro huquq buzilayotganini ta’kidladi:

– BMT tashkil etilganiga 80 yil to‘lganiga qaramay, tashkilot tamoyillari hozirgi kunda har qachongidan ham ko‘p hujumga uchrayapti. Urush dahshatini boshdan kechirgan tuzilma asoschilari tinchlik uchun eng jasur, amaliy va zarur yo‘lni tanlab, BMTni yaratgan edi. Bu haqiqatan benazir qadam bo‘lgan, biroq xalqaro huquq va oddiy aholi huquqi baribir buzilmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi siljish sekinlashgan, qashshoqlik va ochlik o‘sgan, iqlim inqirozi chuqurlashgan. Dunyo ko‘p qutblilikka qarab harakatlanmoqda. Bu o‘z navbatida yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois BMTni nafaqat himoya qilish, balki mustahkamlash zarur.

Falastin masalasi – davlat tuzish huquqi

Antoniu Guterrish ta’kidlashicha, Falastin davlati yaratilishi imkoniyat emas, balki huquqdir. U AQSH Falastin delegatsiyasiga viza berishni rad etganidan afsus bildirdi:

– Xom xayolga berilib bo‘lmaydi. Isroil – Falastin nizosini avlodlar hal qilolmayapti. Muloqot to‘xtagan, qarorlar e’tiborsiz qolgan. Bu xalqaro huquq buzilganidan dalolat. Mamlakatdagi vaziyat toqat qilib bo‘lmaydigan darajada va har soat yomonlashib boryapti.

Bu halokatdan chiqishning yagona yo‘lini tanlash uchun to‘plandik: ikki davlatli yechim. Ya’ni, Isroil va Falastin ikki mustaqil, suveren va demokratik davlat sifatida xavfsiz va tinch yashashi zarur.

G‘azoda favqulodda va uzluksiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman. Hech nima Falastin xalqini jamoaviy jazolash, G‘azoni tizimli ravishda vayron qilish, begunoh aholini ochlikka mahkum etish, asosan ayollar va bolalardan iborat o‘n minglab oddiy fuqaro hamda yuzlab gumanitar xodimni o‘ldirishni oqlay olmaydi.

G‘arbiy sohildagi voqealar ikki davlatli yechim mavjudligiga tahdid solmoqda. Qishloqlar doimiy kengayishi, yangi hududlarni egallash xavfi, zo‘ravonlik kuchayishini darhol to‘xtatish zarur.

Xalqaro konferensiyada Fransiya, Turkiya va boshqa qator mamlakatlar yetakchilari nutq so‘zlab, mazkur vaziyatni bartaraf etishga qaratilgan fikrlarni ilgari surdi.

Jumladan, Prezident Emmanuel Makron Fransiya Falastinni rasman davlat sifatida tan olganini e’lon qildi.

– Bu qaror ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi uchun qabul qilinmoqda, – dedi Makron.

Fransiya yetakchisi HAMAS tomonidan asirga olingan garovdagilar, G‘azo sektoridagi Isroil harbiy amaliyoti mavzulariga ham to‘xtaldi. Qayd etilishicha, “HAMAS qo‘lida saqlanayotgan 48 nafar garovdagilarni ozod qilish, G‘azodagi urush va bombardimon, ommaviy qirg‘in va aholi majburiy ko‘chirilishini tugatish vaqti kelgan”.

Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an Falastin davlatini tan olish haqida qaror qabul qilgan davlatlarni tabrikladi. So‘nggi ikki yil davomida Isroil hujumi kuchayishi tufayli mintaqa ulkan gumanitar falokatni boshidan kechirayotganiga urg‘u berdi:

Bugun Falastin ishi butun dunyo ishiga aylandi. Ushbu yig‘ilish ham fikrimning isboti. Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikada ko‘chalarda, ijtimoiy tarmoqda, matbuotda “Ozod Falastin” degan chaqiriqlar har qachongidan ko‘ra ko‘proq eshitilmoqda. Bu ziddiyat hech kimning e’tiboridan chetda emas.

Yig‘ilishda Belgiya Bosh vaziri Bart De Vever, shuningdek Monako, Malta va Lyuksemburg rahbarlari ham Falastinni davlat sifatida tan olganini e’lon qildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA