English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT sessiyasi oldidan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlar Toshkentda o‘tkazildi
19:12 / 2024-02-12

2024 yil 11-22 mart kunlari AQSHning Nyu-York shahrida BMT Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasi (CSW)ning 68-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

Unda gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish orqali xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratiladi. 

Mazkur sessiya doirasidagi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlari Toshkentda o‘tkazildi. 

Aytib o‘tish kerakki, keyingi 5 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasida ko‘plab ijobiy natijalarga erishganini inobatga olgan holda BMTning Ayollar tashkiloti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlarni aynan O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. 

Mazkur maslahatlashuvlar bugun Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlikda “Gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash orqali barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida o‘tkazildi. 

Tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlarining parlament a’zolari, BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari hamda gender tenglik va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. 

Murojaatda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirokini ta’minlash borasida ulkan yutuqlarga erishgani qayd etildi. Mamlakatlarimizda gender tenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar natijasida zarur tajriba va amaliyot to‘plandi. Xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda to‘liq va teng huquqli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Biz davlatlarning barcha jabhalarida ayollar va erkaklar uchun teng sharoitlarni nazarda tutuvchi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi maqsadlariga erishish sari bosqichma-bosqich bormoqdamiz. Shu maqsadda O‘zbekiston xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish tarafdori, deya ta’kidladi Senat Raisi o‘z murojaatida. 

Maslahatlashuvlarda mintaqaviy organlar – BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti va boshqalar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash aspektlarini inobatga olgan holda kambag‘allik muammolarini hal qilishda tarmoqlararo hamkorlikni mujassamlashtirish hamda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlash uchun moliyalashtirishdagi uzilishlarni bartaraf etish: gender tenglik siyosati va byudjetlarga ta’sir ko‘rsatish uchun salohiyat va makonni kengaytirish kabi mavzularda muhokamalar tashkil etildi. 

Haq to‘lanmaydigan parvarish va uy ishlarining nomutanosib yuki bilan kurashish: xizmat ko‘rsatish faoliyatiga o‘tish hamda ijtimoiy himoya xizmatlari va tizimlari mavzulariga e’tibor qaratildi. 

Maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasi (O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston) va Ozarbayjonning CSWning 68-sessiyasiga hissa qo‘shadigan va undagi ishtiroki uchun asos bo‘ladigan keng qamrovli murojaatlar, ilg‘or tajriba va aniq tavsiyalar to‘plamini o‘z ichiga olgan hujjat qabul qilinadi. 

N.Abduraimova, O‘zA