Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT rezolyutsiyasi Orolbo‘yining yana gullab-yashnashiga yo‘l ochadi
17:25 / 2021-05-21

Orol dengizi qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik vaziyat nafaqat O‘zbekiston yoki mintaqa, balki sayyoramiz ekologik tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha butun dunyoning kuch va imkoniyatlarini birlashtirish masalasida ko‘p yillardan buyon aniq tashabbus yoxud uni ilgari suradigan yetakchi bo‘lmadi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylangandan so‘ng ana shu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi.  

Davlatimiz rahbari 2018 yil avgustda Turkmanboshi shahrida o‘tkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi-davlatlari rahbarlari yig‘ilishida bu masalani ilgari surdi. Prezidentimiz o‘tgan yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida a’zo davlatlarni Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga chaqirdi.

Kuni kecha mazkur rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida bir ovozdan qabul qilingani barchamizni mamnun etdi. Negaki, undan o‘rin olgan dolzarb vazifalar ijrosi Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyatni yumshatishga qaratilgan.

Mazkur rezolyutsiya asosida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

Orolbo‘yidagi ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, demografik vaziyatni yaxshilashga yo‘naltirilgan mintaqaviy tadbir va tashabbuslar bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlanadi;

hudud tabiatini tiklash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot darajasini oshirish yo‘lidagi ilmiy-tadqiqotlar yanada faol rag‘batlantirib boriladi.

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish va mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, dengizning qurigan tubida yashil daraxtzorlar barpo etish orqali cho‘llanishning oldini olish, mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Mintaqada fanlararo tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion hamkorlikni amalga oshirish, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sish, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash choralari ko‘riladi. Bu ezgu ishlarga BMTga a’zo davlatlar, tuzilma tizimidagi agentlik, jamg‘arma, dastur va xalqaro moliya institutlari keng jalb qilinadi.

Ko‘rinib turibdiki, vazifalar juda ko‘lamdor. Ular amalga oshsa Orolbo‘yidagi vaziyat yana o‘nglanadi. Tabiiy muvozanat tiklanib, hayvonot va o‘simlik dunyosi jonlanadi, odamlar hayotiga ma’no-mazmun qaytib keladi.

Shularga asoslanib ayta olamizki, O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya Orolbo‘yi mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida dasturilamal bo‘ldi. Ushbu rezolyutsiya ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni keng ko‘lash hisobiga hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi. Bir kun kelib hududga bir vaqtlar bo‘lganidek yana fayz-baraka yog‘iladi.

Shu bois biz senatorlar ham rezolyutsiyada belgilangan har bir vazifa ijrosi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishga harakat qilamiz.

 

Botir Matmurodov,

Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi  

mintaqasini rivojlantirish masalalari  

qo‘mitasi raisi o‘rinbosari