Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT – O‘zbekiston: tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi birdamlik davom etadi
19:57 / 2024-10-24

24 oktyabr – Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni

BMT dunyodagi 200 ga yaqin mamlakat a’zo bo‘lgan eng yirik xalqaro tuzilma hisoblanib, u jahonda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni barqaror rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Tashkilot inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish qoidasiga amal qilgan holda – irqi, jinsi, tili yoki diniga qarab ajratmay, xalqaro huquqiy jihatdan tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratdi.

“Birlashgan Millatlar” atamasi AQSHning 32-prezidenti Franklin Delano Ruzvelt tomonidan 1942 yilning 1 yanvarida “Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasi”da ilk bor ishlatilgan bo‘lsada, BMT nizomi rasmiy ravishda 1945 yilning 24 oktyabrdan kuchga kirgan. BMT nizomi huquq vositasi bo‘lib, u qonunlar qabul qilmaydi, aksincha, unga a’zo barcha mamlakatlarning suvereniteti, teng huquqliligi tushunchasidan tortib, xalqaro munosabatlarning o‘rnatilishida kuch ishlatmaslik kabi tamoyillarni belgilab beradi. 

O‘zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lgan. Yurtimizning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH) va Jeneva (Shveysariya) shaharlarida, shuningdek, BMTning boshqa xalqaro tashkilotlari huzuridagi vakolatxonamiz Vena (Avstriya) shahrida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi sessiyalarida faol ishtirok etdi. Davlatimiz rahbarining BMT oliy minbaridagi har bir tarixiy chiqishlari keng qamrovli va mavjud muammolar yechimiga qaratilgan aniq taklif hamda tashabbuslari bilan nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Ushbu tashabbuslarning xalqaro miqyosda tan olinishi yurtimizning jahon maydonidagi o‘rni yanada mustahkamlanishi va reytingi o‘sishida muhim ahamiyatga ega. Bu o‘z-o‘zidan mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish masalalarida O‘zbekistonning yetakchi o‘rinlarda bo‘lishiga sharoit yaratadi. 

Ta’kidlash joiz mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, majburiy mehnatni bartaraf etish kabi umuminsoniy qadriyatlarga xizmat qiluvchi masalalarda ulkan natijalarga erishildi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar BMT tamoyillariga uyg‘un va yondosh xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikda olib borilmoqda. E’tiborli jihati, 2017 yil 12 sentyabrda Davlatimiz rahbari BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasida qilgan chiqishlari, ayniqsa, Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida nufuzli minbardan turib o‘zbek tilida so‘zlagan nutqlari O‘zbekiston – BMT munosabatlarining mutlaqo yangi bosqichini boshlab berishi bilan birga, ona tilimiz -  o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzini ham oshirdi. O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida BMT bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Vatanimiz BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va asosiy shartnomalardagi maqsad va qoidalariga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda. 

Bugungi murakkab davrda – dunyo miqyosida nizolar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada kengayib, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid kuchayib borayotgan sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli hamda mas’uliyati yanada ortmoqda. Bugungi kunda BMT o‘z faoliyatiga ko‘ra dunyoda uning o‘rnini bosa oladigan birorta xalqaro tizim mavjud emasligi, har bir inson qalbi va ongida zo‘ravonlikka nuqta qo‘yuvchi, millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan “Yagona markaz” sifatida yana uzoq yillar yashab qoladi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasida belgilab berilgan muhim vazifalarni bajarishda, mamlakatimizning BMT bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi ko‘lamini kengaytirishi mustaqil O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. 

Madina Zufarova,

“Renessans” ta’lim universiteti “Filologiya va tillarni o‘qitish” fakulteti talabasi.