English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT Oliy komissari Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda
21:55 / 2023-03-13

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya 13 mart kuni O‘zbekistonga keldi.

Martabali mehmon shu kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida boʻlib, bir necha uchrashuv oʻtkazdi.

Markaz rahbariyati bilan muloqot chogʻida mehmonlarga Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berildi. Mamlakatimiz BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining samarali va mustaqil faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi, keyingi davrda mazkur tuzilma bilan hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

Suhbat chogʻida soʻnggi yillarda respublikamiz qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish sohasida erishgan natijalari bilan xalqaro maydonda tez-tez eʼtirof etilayotganiga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, 2023-yil 30-aprelda referendumga qoʻyiladigan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mohiyati, dolzarbligi haqida fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Oʻzbekiston Qiynoqqa solish va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokoliga qoʻshilishiga oid tashabbusni ilgari surdi. Ayni vaqt mazkur tashabbusni amalga oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

[gallery-10965]

Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida BMT maxsus protseduralari bilan amaliy muloqotni davom ettirishi hamda inson huquqi sohasida xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilashi nuqtayi nazaridan, ushbu Fakultativ protokol ratifikatsiya qilinishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Shu kuni Milliy markaz binosida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari F.Tyurk rahbarligidagi delegatsiya bilan mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbarlari oʻrtasida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqotda mamlakatimiz Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev, adliya vaziri Akbar Toshqulov va ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida demokratik yangilanishlar yoʻlida ildam odimlayotgan Oʻzbekistonning eng ulugʻ maqsadi, avvalo, xalqimizni rozi qilish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida yurtimizda inson huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini taʼminlash borasida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda.

Tabiiyki, inson huquqi sohasida samarali davlat siyosati yuritishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tizimi muhim oʻrin egallaydi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan suhbat asnosida ushbu tuzilmalarning inson huquqi va erkinligini himoya qilishdagi ishtirokiga daxldor masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Saidmurod RAHIMOV, OʻzA muxbiri