Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Yoshlar huquqi: imkoniyat va himoya qilish mexanizmi” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga qutlov videomurojaatini yo‘lladi.
Yuqori martabali mulozim tabrigida, jumladan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi.
Bosh assambleyaning 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan tashkil etilgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ayni yo‘nalishdagi faoliyat uchun asosiy mas’ul va muvofiqlashtiruvchi bo‘linma hisoblanadi. Tuzilmaning 19 mamlakat, 12 mintaqada vakillari, 11 tinchlikparvar missiyasi, joylarda o‘nlab maslahatchilar faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz bilan BMTning ushbu tuzilmasi o‘rtasidagi sheriklik amaliy ruhda, izchil rivojlanmoqda. Hamkorlikning ijobiy natijasi sifatida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusidagi Global forum mazkur Boshqarma bilan birgalikda tashkil etilganini ta’kidlash lozim. O‘shanda Global forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan F.Tyurk hukumatimizning inson huquqi sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatini bajarish, bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqin sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatini yuqori baholagan edi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekiston bilan munosabatlar ijobiy baholangan 2020 yildagi faoliyati hisobotida demokratlashtirish, BMT Nizomi va shartnomaviy idoralari doirasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatini bajarish, shuningdek qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar nuqtai nazaridan mamlakatimiz xalqaro maydonda tez-tez e’tirof etilayotgan ilg‘or davlatlar safidan joy olgani ta’kidlangan.
Respublikamiz Boshqarma ko‘magida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalar bajarilishi bo‘yicha o‘z oraliq ma’ruzasini tayyorlashga erishgan sanoqli davlatlardan biri ekani ham e’tirof etilgan.
O‘zbekiston hukumati Oliy komissar tomonidan va BMT Maxsus tartib-taomillari doirasida berilgan tavsiyalarni ma’qullab, tegishli tizimlarni mustahkamlash uchun yo‘l-yo‘riq sifatida foydalanib kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA