Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT ni isloh qilish vaqti keldimi?
08:00 / 2024-10-24

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) — dunyoda tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. 1945 yil 26 iyunda qabul qilingan BMT nizomi o‘sha yili 24 oktyabr sanasida kuchga kirgan. Keyinchalik Bosh assambleyaning 1948 yildagi rezolyutsiyasi bilan mazkur kun tashkilot tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni sifatida nishonlanishi belgilandi. 1971 yilda esa Bosh assambleya o‘z rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga 24 oktyabrni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qiladi. Shu bilan mazkur sana xalqaro bayramga aylandi. Bu yil tashkilot tashkil etilganiga 79 yil bo‘ldi.

Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Hilola Mustapova bilan suhbatlashdi.

– Дастлаб BMTning tarkibiy tuzilmasi va dunyoga ta’siri haqida gapirib bersangiz?

BMT tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uni tashkil etish haqidagi qaror AQSH, Birlashgan Qirollik, Xitoy va Sovet Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943 yilda qabul qilindi. BMT Nizomiga dastlab 51 davlat imzo chekkan. Bugungi kunda 200 ga yaqin davlat BMTga a’zo hisoblanadi.  

BMT Nizomida ko‘rsatilganidek, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlaydi. 

 BMT tarkibida Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Xalqaro Sud, BMT Kotibiyati kabi bir qator yirik tuzilma – asosiy organlar faoliyat olib boradi. Shuningdek muayyan dasturlar ishlaydi. Tashkilot har bir a’zo davlat manfaatini e’tiborga olishga harakat qiladi. Hal qiluvchi qarorlar AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Buyuk Britaniya doimiy a’zolar hisoblangan Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilinadi. Ushbu davlatlarga muayyan loyihaga veto qo‘yish huquqi berilgan.

BMT jahon siyosatida keng ko‘lamli ta’sirga ega. Masalan, harbiy mojaroni bartaraf etish, iqtisodiy va ekologik inqirozni yumshatish, inson huquqini himoya qilishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Tizimdagi tashkilotlar, jumladan Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) yoki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo miqyosida bir qator muhim ijtimoiy, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshiradi va qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va ularning xalqaro ahamiyatiga to‘xtalsangiz?

O‘zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lgan. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i baland ko‘tarildi. 1993 yil 24 avgustda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. BMTda O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti — YUNESKOga ham a’zo bo‘ldi.  O‘zbekiston so‘nggi yillarda BMT doirasida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ekologiya muammolariga qarshi kurash, Markaziy Osiyoda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan  hamkorlik loyihalari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, Orol muammosiga e’tibor qaratish, suv resurslarini asrash va qayta tiklash, mintaqamiz davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, barqarorlikni saqlash, xalqaro terrorizmga qarshi kurash, yoshlar siyosati, iqtisodiy barqarorlik va Markaziy Osiyo integratsiyasi bo‘yicha tashabbuslar global miqyosda e’tirof etilyapti. O‘zbekistonning bu boradagi faolligi mintaqadagi barqarorlik, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. 

Davlatimiz rahbari BMT doirasida mintaqamiz yoshlarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish, xususan “Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklifini bildirdi. Bosh kotibning Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlash, mintaqada suv tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va amaliyotga tatbiq qilish masalasini ham ilgari surdi.

Prezidentimiz ilgari surgan  “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidi qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish, Samarqandda xalqaro iqlim forumini o‘tkazish, jahon miqyosida hamjihatlik g‘oyasini keng targ‘ib etish maqsadida yurtimizda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklifi global muhokamaga qo‘yilib, qo‘llab-quvvatlandi.

Internet sahifalarida BMT o‘z vazifasini bajarmayotgani, urush va mojarolarni bartaraf etishda BMTning roli sezilmayotgani haqida turli fikrlar ko‘paymoqda. Buni dunyoda turli nizolar, urushlar avj olayotgani bilan izohlash mumkin. Siyosatshunos sifatida BMTni isloh qilish masalasiga qanday qaraysiz?

 Bugungi kunga kelib global xavfsizlik institutlari faoliyatida muammolar, xususan, xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish tez-tez kuzatilmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya erkin almashinuvi yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto, iqlim o‘zgarishi, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda. Bu holatlar keng ko‘lamli keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Jahon hamjamiyati esa BMT ko‘pincha zudlik bilan samarali choralar ko‘ra olmayotganidan norozi.

Masalan, Yaqin Sharq, Ukraina va boshqa bir necha hududlarda uzoq davom etayotgan harbiy mojarolar, ayniqsa Falastin – Isroil ziddiyati kabi qator mintaqaviy nizolar bartaraf etilmayotgani BMTning  ish samaradorligiga nisbatan shubhani kuchaytirdi.

Menimcha, BMTni isloh qilish uchun, birinchi navbatda, Xavfsizlik Kengashi faoliyatini isloh qilish zarur. BMT XK tarkibi va veto huquqi tizimi ko‘p tanqid ostiga olinadi. Doimiy a’zolarning veto huquqini qayta ko‘rib chiqish yoki Kengashga yangi doimiy a’zolarni qo‘shish tuzilmaning yanada demokratik va samarali ishlashiga yordam berishi mumkin.

Qolaversa, tezkor va qat’iy choralar ko‘rish mexanizmini yaratish lozim. Zero, jahon hamjamiyati BMTdan muayyan mojaro zudlik bilan hal qilinishini kutadi. Qolaversa, insonlar huquqi ishonchli, o‘z vaqtida muhofaza qilinishi uchun aniq va samarali usullarni ishlab chiqish yo‘lidagi sa’y-harakatni kuchaytirish shart. Inson huquqini cheklayotgan mamlakatlarga nisbatan xalqaro miqyosda samarali sanksiya joriy etilishi lozim.

Bunday islohotlar BMTga nisbatan ishonchni tiklash, tuzilmaning dunyo tinchligi va barqarorligiga qo‘shayotgan hissasini oshirish imkonini beradi.

O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.