Aks-sado
BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutq butun xalqimiz uchun g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi, tadbirkorlik va boshqa sohalardagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi. Bu esa ayollarimizning jamiyat taraqqiyotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirishi, ularning imkoniyatlarini yanada kengaytirishi, shubhasiz.

Prezidentimiz ilgari surgan Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish tashabbusi yurtimiz ayollari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Mintaqada tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirish va global darajada teng huquqli sherik sifatida ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
Shavkat Mirziyoyevning “Ustuvor maqsadimiz – har bir oila va har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish” degan fikrlari esa yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning markazida inson manfaatlari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Biz, O‘zbekiston xotin-qizlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlardan faxrlanamiz. Prezidentimiz ilgari surgan islohot va tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu ishonch va g‘urur bizga yanada faol bo‘lishga, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga kuch va ilhom bag‘ishlaydi.
Aziza Payziyeva,
Sirdaryo viloyati Guliston shahri hokimi o‘rinbosari
oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA