Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT minbaridagi nutq O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi
17:00 / 2025-09-27

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasidagi nutqining ahamiyati haqida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov o‘z fikrlarini bildirdi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda milliy manfaatlar bilan bir qatorda, global hamjamiyatni tashvishga solayotgan masalalar — iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlik va inson huquqlariga jiddiy e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, Afg‘oniston masalasida amaliy takliflar bildirilishi, transport va energetika yo‘laklari orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga yaqinlashtirish g‘oyasi xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu tashabbus nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy barqarorlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan ham beqiyos ahamiyatga ega.

Orolbo‘yi muammosining yana bir bor xalqaro hamjamiyat e’tiboriga olib chiqilishi O‘zbekistonning ekologik siyosatda mas’uliyatli pozitsiyaga egaligini ko‘rsatdi. Bu mamlakatimizning global ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishini anglatadi.

Nutqdagi har bir tashabbus O‘zbekistonning ochiqlik siyosatiga, adolatli va barqaror taraqqiyotga intilishiga, xalqaro hamkorlikka tayyorligini yaqqol namoyon qildi. Fikrimcha, bu nutq nafaqat diplomatik jihatdan, balki O‘zbekistonning xalqaro imiji, mintaqaviy nufuzi va strategik istiqbolini belgilashda ham yuksak ahamiyat kasb etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi. Bu nutqni uchta muhim jihatdan ijobiy baholash mumkin.

Birinchi jihat – global masalalarga mas’uliyat bilan yondashuv. Nutqda iqlim o‘zgarishi, ekologik xavflar, barqaror rivojlanish va inson huquqlari kabi jahon hamjamiyati uchun dolzarb masalalar ko‘tarildi. Ayniqsa, Orolbo‘yi fojiasiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini yana bir bor jalb etilishi O‘zbekistonning ekologik muammolarga jiddiy qarayotganidan dalolatdir.

Ikkinchi jihat – mintaqaviy barqarorlik va hamkorlik. Prezident nutqida Afg‘oniston bilan konstruktiv muloqot va hamkorlik masalasiga alohida urg‘u berdi. Afg‘oniston orqali transport va energetika yo‘laklari yaratish tashabbusi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun katta iqtisodiy va siyosiy ahamiyat kasb etadi. Bu tashabbus mintaqa taraqqiyotida yangi sahifa ochishi mumkin.

Uchinchi jihat – O‘zbekistonning xalqaro integratsiyaga ochiqligi. Prezident xalqaro moliya institutlari, Jahon savdo tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu nutq O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlari global standartlarga mos yo‘nalishda borishini namoyon qildi.

Menimcha, mazkur nutq nafaqat rasmiy diplomatik bayonot sifatida, balki O‘zbekistonning kelajak rivojlanish strategiyasi sifatida ham qaralishi mumkin. Unda ilgari surilgan tashabbuslar amaliy qadamlarga aylansa, mamlakatimiz mintaqaviy va global miqyosda nufuzli va ishonchli sherik sifatida yanada tan olinadi.

Shu boisdan, Prezident Mirziyoyevning BMTdagi nutqini O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlashda va mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini belgilashda muhim qadam sifatida yuksak baholanmoqda. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/taJxL-jLD54" title="BMT minbaridagi nutq O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA