Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqi bo‘yicha Oliy komissari matbuot kotibi Tamin Al-Hiton aytishicha, 2024 yil noyabr oyida Livandagi sulh kuchga kirgandan beri Isroil armiyasi hujumi oqibatida kamida 127 nafar begunoh aholi vakili halok bo‘lgan.
Livan va Isroil o‘rtasida sulh tuzilganiga qariyb bir yil bo‘lganini eslatgan Al-Hiton hujumlar soni ko‘payib, oddiy odamlar o‘limi va jarohatlanishi holatlari to‘xtamayotganiga e’tibor qaratdi.
Saida shahri yaqinida falastinlik qochqinlar uchun tashkil etilgan Ayn Al-Hilva qo‘nalg‘asiga qilingan oxirgi va eng qonli hujum oqibatida 13 kishi, jumladan 11 bola hayotdan ko‘z yumgan, kamida 6 nafar inson yaralangan.
- Ushbu hujum natijasida qayd etilgan barcha o‘lim holatlari tinch aholi vakillari hayoti bilan bog‘liq, - dedi matbuot kotibi. - Vaziyat Isroil hujumi harbiy harakatga oid xalqaro gumanitar huquq tamoyili buzilgan bo‘lishi mumkinligidan jiddiy xavotir uyg‘otadi. Livanga hujum begunoh fuqarolar o‘limi va jarohatlanishi, shuningdek fuqarolik infratuzilmasi, jumladan uy va yo‘llar vayron bo‘lishiga olib kelgan. Harbiy harakat qayta qurish va ko‘chirilganlarni mamlakat janubidagi uylariga qaytarish jarayoniga jiddiy to‘sqinlik qilyapti. Hududda yashovchi 64 000 dan ortiq livanlik uyini tashlab ketmoqda. Isroil qaytayotgan aholi yo‘lini to‘sish uchun 4000 metr uzunlikdagi devor qura boshladi. Bu xalqning o‘z yeriga qaytish huquqiga zid. Barcha ichki ko‘chirilganlar o‘z uylariga qaytish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Ularning tiklanishiga qarshilik qilish mumkin emas. Aksincha oddiy odamlarni qo‘llab-quvvatlash zarur.
G.Sattorova, O‘zA