O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana bilan onlayn shaklda muzokara o‘tkazdi.
Armida xonim O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi hududlararo transport yo‘laklari yaratish, Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan o‘zaro aloqani mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Respublika rahbariyatining Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonga qo‘shish borasidagi sa’y-harakati xalqaro hamjamiyatning yuksak bahosiga munosib ekani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiya bilan hamkorligi bo‘yicha aniq yo‘nalishlar, komissiyaning bo‘lajak xalqaro tadbirlarida yurtimiz vakillarining ishtiroki kabi dolzarb jihatlar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida BMT shafeligida Transport va kommunikatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini yanada targ‘ib qilish va hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
Armida Alisjabana joriy yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqladi. Anjuman doirasida Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiya bilan SHHT o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.
G‘.Xonnazarov, O‘zA