BMT Bosh qarorgohida «BMTning Yoshlar strategiyasi: Yoshlar 2030 va barqaror rivojlanish uchun o‘n yillik faoliyat va yutuqlar nigohida» mavzuida onlayn forum bo‘lib o‘tdi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarini yoshlar ishtirokida amalga oshirishga qaratilgan BMT ijtimoiy va iqtisodiy kengashining o‘ninchi yoshlar forumida tashkilotga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari, milliy yoshlar kengashlari rahbarlari, mintaqaviy yoshlar tarmoqlari va tuzilmalari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, bugungi kunda yoshlar duch kelayotgan global muammolar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan BMT doirasida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasini ishlab chiqish va targ‘ib qilishga ko‘maklashish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi bildirildi.
– Yosh avlodning kelajakka bo‘lgan umidi O‘zbekistonning kelgusida rivojlanishi uchun asosdir. Shuning uchun ham O‘zbekiston «BMT Yoshlari strategiyasi – 2030» tezkor rivojlanish mamlakati, deb e’tirof etilganligini yuqori baholaydi, – dedi Alisher Sa’dullayev.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA