Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT global sun’iy intellekt ilmiy panelini tasdiqladi
08:05 / 2026-02-14

BMT Bosh Assambleyasi AQSHning e’tiroziga qaramay, sun’iy intellektning global ta’siri va xavfini o‘rganishga qaratilgan mustaqil ilmiy guruh tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

117 ovoz bilan ma’qullangan bu qarorga ikki davlat qarshi chiqdi, yana ikki davlat betarafligini bildirdi.

Yangi tuzilma 40 nafar xalqaro mutaxassisdan iborat bo‘lib, uch yil davomida sun’iy intellektning texnologik rivojlanishi, iqtisodiyotga ta’siri, axloqiy va ijtimoiy oqibatini baholash bilan shug‘ullanadi. Ekspertlar 2600 ga yaqin nomzod orasidan tegishli tashkilotlar, jumladan Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi va YUNESKO ishtirokidagi mustaqil tanlov orqali saralandi.

Bosh kotib Antoniu Guterrish fikricha, bu tashabbus sun’iy intellektni global miqyosda chuqur ilmiy tushunishga xizmat qiladigan muhim jarayon. Guruh a’zolari endi barcha davlatlarga mustaqil ilmiy tahlillar va asosli tavsiyalar taqdim etadi.

Tarkibda sun’iy intellekt, ma’lumot ilmi, yuqori samarali hisoblash va tilshunoslik mutaxassislari, shuningdek jurnalistlar, jumladan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Ressa ham bor.
AQSH rezolyutsiyaga qarshi chiqib, yangi tuzilma BMT vakolatidan chiqib ketishi mumkinligidan xavotir bildirib, sun’iy intellektni boshqarish milliy darajada amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi. Qolaversa, Amerika tomoni o‘z e’tirozini tarkib shakllantirilishi jarayonidagi shaffoflik masalalari bilan ham bog‘lagan.

F.Yaxshiboyeva, O‘zA