BMT: G‘azoni tiklash uchun 70 milliard dollar kerak
— G‘azo sektorini qayta qurish uchun 70 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi, — deya ma’lum qildi BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) Falastin xalqi bo‘yicha maxsus vakili Jako Cilliyers Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda.
— Joriy yil mart oyida Jahon banki talab qilinadigan sarmoyani 23 milliard dollarga baholagan edi. Afsuski, davom etayotgan harbiy harakat, jumladan G‘azo shahri butunlay vayron qilingani tufayli qayta tiklash xarajati ham sezilarli darajada oshgan.
Mulozim G‘azo sektorini rekonstruksiya qilishning taxminiy muddatini ayta olmadi. Uning fikricha, bu to‘plangan mablag‘ miqdoriga bog‘liq — jarayon “o‘nlab yillar”ni talab qilishi ham mumkin.
BMT TDga ko‘ra, G‘azoni kamida 50 million tonna vayrona qoldig‘idan tozalash zarur. Shuningdek, vayronalar ostidan halok bo‘lgan falastinliklar tanasi chiqishi mumkinligi ham inkor etilmayapti.
S.Rahimov, O‘zA