Ma’lumki, Isroil armiyasi G‘azoda ishg‘ol ko‘lamini kengaytirish maqsadi ko‘zlangan yangi hujum rejasini amalga oshira boshladi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi voizi Stefan Dyujarrik hududda "omon qolish uchun barcha asosiy unsurlarga shoshilinch ehtiyoj" borligini aytdi.
BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan kundalik matbuot anjumanida jurnalistlarga Yaqin Sharqdagi o‘zgarishlar haqida atroflicha ma’lumot berarkan, mulozim Isroilning quruqlik bo‘ylab hujumidan omon qolishga urinayotgan falastinliklar duch kelgan sharoitga batafsil to‘xtaldi. Qayd etilishicha, shimoliy mintaqalardan janubiy hududlarga ko‘chgan aksariyat oilalar o‘nlab soat davomida oziq-ovqat, suv va boshpanasiz yurishga majbur bo‘lishyapti.
- Kuni kecha mintaqaga yuborilgan yordam - to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq og‘ir va o‘ta tashvishli holatga tushgan kamida 2700 bolaning hayotini saqlab qolishga yordam berishi mumkin bo‘lgan mahsulot o‘g‘irlangan, - dedi Dyujarrik. - Xullas, falastinlik bolalarga hujumning halokatli ta’siri tobora kuchaymoqda. Biz G‘azoda har kuni ortib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun barcha ochiq chegara nuqtalari orqali insonparvarlik yordami kelishi lozim. Shuningdek, asirlar ozod etilishi va oilasiga qaytarilishi, isroilliklar ham, falastinliklar ham tinch hayotga umid bog‘lashini istaymiz.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 65 174 falastinlik halok bo‘ldi, 166 071 kishi yaralandi.
27 maydan beri sektorda insonparvarlik yordami jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan gumanitar ko‘mak tarqatish manzillaridagi falastinliklar nishonga olingan tizimli hujum natijasida 2514 odam hayotdan ko‘z yumdi, 18 431 inson jabrlandi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektori to‘liq bosib olinishini e’lon qilgan.
G.Sattorova, O‘zA