G‘azo sektori bo‘lajak Falastin davlatining ajralmas qismi bo‘lib qolishi kerak – Falastin hududi kamaytirilmasligi lozim. Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni masalasi bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi Tor Vennesland BMT Xavfsizlik Kengashidagi nutqida shunday fikr bildirdi. U Isroil – Falastin mojarosiga barham berish shartlarini ham sanab o‘tdi. BMT matbuot xizmati yozishicha, o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha muzokara to‘xtab qolgan, g‘azoliklar ayanchli ahvolda. Isroil Rafoh va yon-atrofda keng miqyosli quruqlik hujumini boshlagani sababli, vaziyat yanada yomonlashmoqda.
– Yakshanba kuni sodir bo‘lgan dahshatli voqeada 45 falastinlik halok bo‘lgan, 200 kishi yaralangan, – dedi BMT vakili. – Boshpana-chodirlar yonib ketgan, begunoh aholi orasida halok bo‘lganlar soni ayanchli darajada ko‘p. Barcha tomonlar zimmasida oddiy aholini himoya qilish majburiyati borligni eslatib o‘taman.
Maxsus muvofiqlashtiruvchi bosib olingan G‘arbiy Sohilda “salbiy tendensiya” kuchayib borayotganini qo‘shimcha qildi. Mintaqa shimolidagi evakuatsiya uchun mo‘ljallangan uch aholi manziliga isroilliklar kirishini taqiqlovchi harbiy buyruq Isroil tomonidan bekor qilinganidan “alohida xavotir” bildirdi. Aslida bu siyosat 2005 yil qo‘shinlarni ajratish to‘g‘risida qonun qabul qilingandan beri amalda edi.
Shuningdek, u G‘azoni tiklash va Isroil – Falastin ziddiyatini uzoq muddatli siyosiy murosa tarzida yo‘lga qo‘yish uchun “asos yaratish” zarurligini ta’kidladi.
– G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil siyosiy, iqtisodiy va ma’muriy jihatdan birlashishi kerak, – deya ta’kidladi BMT vakili. – Falastin xalqi va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, qo‘llab-quvvatlanadigan hukumat tomonidan boshqarilishi lozim.
Tor Vennesland xalqaro hamjamiyatni Bosh vazir Muhammad Mustafo boshchiligidagi yangi Falastin hukumatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu hukumat tarkibidagi G‘azoning sakkiz vaziri Falastin ma’muriyatidagi og‘ir moliyaviy inqirozni yengib o‘tishga yordam beradi.
O‘zA