Jahon hamjamiyati agar hozirgi oziq-ovqat inqirozini jiddiy qabul qilmasa ommaviy ocharchilikka, siyosiy larzalarga va nazoratsiz migratsiyaga duch kelishi mumkin, deydi BMTning oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.
«Biz hozirdanoq chuqur inqiroz bilan to‘qnash kelmoqdamiz. Agar ushbu inqirozni strategik va samarali bartaraf qila olmasak bizni ommaviy ocharchilik, o‘nlab mamlakatlarda beqarorlik va ommaviy migratsiya kutmoqda», - dedi Bizli Xalqaro ishlar bo‘yicha kengash doirasida uyushtirilgan bahs-munozarada so‘zga chiqib.
BMT vakilining ogohlantirishicha, kelasi yilda oziq-ovqat tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yanada yomon bo‘lishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat oziq-ovqat mahsulotlari narxi kelgusi 6-12 oy ichida oshib ketishidan xavotir olmoqda. Shundan keyin ham mazkur muammo ijobiy hal qilinmasa, dunyo oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga duch kelishi mumkin.
Bizlining fikricha, vaziyat Rossiya va Belarusning jahon bozoriga chiqarayotgan o‘g‘itlariga cheklov qo‘yilgani sababli yanada yomonlashishi mumkin.