Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl xonim va tizimdagi tashkilot vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Normat Tursunov yaqinda BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan bir qator tashabbuslar bo‘yicha Navoiy viloyatida ham muhim vazifalar belgilab olinganligini aytib, bugungi uchrashuv ham BMT va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin ifodasi ekanligini bildirdi.
BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan strategik hamkorlikka oid o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Hujjat doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning salbiy ta’sirini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda bolalar uchun muhim xizmatlarning inklyuziv, barqaror va ekologik xavflarga tayyor bo‘lishini ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bunday sa’y-harakatlar orqali bolalar va yoshlarning chidamliligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda viloyatda 28 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etilgan “Inklyuziv guruh”larda 63 nafar hamda 82 ta maktabdagi 122 ta “Inklyuziv sinflar”da 323 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’limga jalb etilgan.
“Ehtiyojmand aholini aniqlash jamg‘armasi” Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida “O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” loyihasi doirasida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish hamda “yashil” kelajak uchun faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida mahalliy infratuzilmani yaxshilash, ayollar va yoshlar bandligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar viloyat rivojiga hissa qo‘shmoqda.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida kambag‘al oilalar bilan ishlash va ularning reyestrini yuritilishi boshlangandan buyon viloyat bo‘yicha 36,4 ming oila o‘rganilib, 13,8 ming oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Shu kunga qadar 5 mingdan ortiq oilaning daromadi oshib, kambag‘allikdan chiqarildi.
Uchrashuv yakunida ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va ekologiya yo‘nalishlarida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanish yo‘lida qo‘shma harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri