Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisi Oʻzbekiston yoshlariga tabrik yoʻlladi
11:50 / 2020-06-30

Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.


Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisi Jayatma Vikramanayake mamlakatimizdagi yigit-qizlarga samimiy tabrik yoʻlladi

“Assalomu alaykum!

Men Jayatma Vikramanayake - BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisiman.

Sizlarni ketma-ket ikkinchi yil Oʻzbekistonda Yoshlar kuni munosabati bilan qutlayotganimdan mamnunman.

Mamlakatingiz barqaror va rivojlangan davlatga aylanib borarkan, bu jarayonda Oʻzbekiston gender tengligini taʼminlashga sodiq qolayotgani va yoshlarni rivojlantirish masalalariga doimiy eʼtibor berayotgani bizni chin maʼnoda quvontirmoqda.

Yoshlar mamlakat kelajagi uchun katta imkoniyat egalari hisoblanadi. Oʻzbekistonda aholining uchdan ikki qismini oʻttiz yoshgacha boʻlganlar tashkil qiladi. Shu bois yoshlar salohiyatini oshirish, ular uchun munosib ish oʻrinlari va boshqa daromad manbalari yaratishga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralayotgani, ushbu jihatga investitsiyalar keng jalb qilinayotgani mamlakatda taraqqiyot va barqarorlikka erishish garovi boʻlib xizmat qiladi.

BMT doirasida hamda milliy platformalar yordamida yoshlar talab va ehtiyojlariga yoʻnaltirilgan dastur, tashabbuslarni uygʻunlashtirish maqsadida mamlakat yoshlari bilan muloqot kuchaytirilayotgani barchamizga mamnuniyat baxsh etadi.

Hamkorlikni kengaytirish, jonli innovatsion investitsiya ekotizimini yaratish, yoshlarning tashabbus va innovatsiyalarini kengaytirish, shu jumladan davlat bilan xususiy sektor oʻrtasida uygʻunlik yaratilishi natijalarni jadallashtirishning ishonchli yoʻlidir.

Mamlakat yoshlar sohasidagi majburiyatlarini bajarish yoʻlida oldinga intilayotgan bir davrda islohotlarning barcha yoʻnalishlari qamrab olinishi, hech kimni, shu jumladan yoshlarni orqada qoldirib ketmaslik shiorimiz hayotga tadbiq etilishi jud muhim.

Aholining zaif qatlamlari muammolariga alohida eʼtibor berish zarur. “Yoshlar – 2030” – BMTning yoshlar masalasidagi maqsad va vazifalarga erishishda barkamol avlod va hukumat bilan birga ishlash, turli manfaatdor tomonlarning kuch va salohiyatini birlashtirish imkoniyatidir.

Shu oʻrinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekiston yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidlashni istardim.

Fursatdan foydalanib, sizlarni milliy bayram – Yoshlar kuni bilan tabriklaymiz!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!”