Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari madaniy va tarixiy qadriyatlar kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha tashabbus ilgari surmoqda
11:01 / 2022-02-04

O‘zbekistonning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev 1 fevral kuni BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fathi Vali bilan uchrashdi. Bu haqida «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.

Uchrashuvda Gada Fathi Vali O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini yuqori baholadi. Suhbatdosh tashkilotning ushbu hujjat ustida birgalikda ishlashni boshlashga tayyorligini tasdiqladi.

Gada Fathi Vali 2021 yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi yuqori darajada tashkil etilgani hamda respublika rasmiylari bilan uchrashuvlar samarali bo‘lganini ta’kidladi. U Toshkentda 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda yangi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy dasturlarini imzolash marosimini tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonga tashrif dasturi juda boy bo‘lgani qayd etilib, Samarqand shahrida O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi ishtirokida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda yetakchi ayollarning o‘rni mavzusida davra suhbati yuqori darajada tashkil etilgani, Markaziy Osiyoda yoshlar tashkilotlari va yoshlar faollarining mintaqaviy tarmog‘i ishga tushirilgani alohida ta’kidlandi.

Gada Fathi Vali, shuningdek, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi yangi tashabbusiga to‘xtalib o‘tdi. U giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va sotishdan tushgan daromadlarga qarshi kurashish, madaniy va tarixiy qadriyatlarni noqonuniy sotib olishga qarshi kurashishga qaratilgan. Ijrochi direktor O‘zbekiston hududida ko‘p sonli osori-atiqalar mavjudligi, shuningdek, mamlakat madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash bo‘yicha katta tajribaga ega ekanini inobatga olib, o‘zbekistonlik mutaxassislarni ushbu masala bo‘yicha konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuvda Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan mintaqaviy dastur doirasida BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zA