Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy direktori Ivana Jivkovich bilan onlayn shaklda muloqot o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, jumladan, Taraqqiyot dasturi bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish, kambag‘allikni qisqartirish, demokratik davlat boshqaruvini mustahkamlash, atrof - muhitni muhofaza qilish, bozor iqtisodiyoti va inklyuziv siyosatni takomillashtirish hamda qishloq hududlarini rivojlantirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Gender masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning turli jihatlari, xususan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, Senatning yangi konstitutsiyaviy rolidan kelib chiqib, Taraqqiyot dasturi bilan mahalliy kengashlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
- Taraqqiyot dasturini asosiy xalqaro hamkor deb bilamiz, - dedi Senat raisi. - Mazkur tuzilmaning O‘zbekistonning mintaqaviy va global tashabbuslarini xalqaro maydonda amalga oshirishdagi ishtirokini yuqori baholaymiz. Jamiyatda ayollarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimizda gender tenglikka erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Shunga qaramay, oldimizda qonunchilik asoslarini takomillashtirish, samarali metodologiyani ishlab chiqish, gender tenglik sohasida yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi ishlar turibdi. Biz ushbu hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun birgalikda ishlashga tayyormiz.
Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga oid loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqda. 2020 yilda YUNISEF, XMT va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekiston hukumati bilan mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashga bag‘ishlangan qo‘shma dastur ana shunday muhim loyihalardan biri bo‘ldi.
- O‘zbekiston biz uchun muhim strategik hamkor hisoblanadi, - dedi Ivana Jivkovich. - Biz aynan mamlakatingiz bilan 30 yildan beri ishlayotganimiz bejiz emas. O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida erishilayotgan yuqori natijalardan yaxshi xabarim bor va bu boradagi sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Istiqboldagi hamkorlik rejalarga keladigan bo‘lsak, gender tenglikni ilgari surish yo‘nalishidagi milliy loyihalarni amalga oshirishda amaliy muloqotni davom ettiramiz. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasida esa O‘zbekistonda boshqa davlatlar uchun namuna qilib ko‘rsatadigan ilg‘or natijalar mavjud va mamlakatingiz bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada kengaytirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz.
Muloqot yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va muhokama chog‘ida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni kengaytirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA