BMT Bosh kotibi: Yadroviy qurol tarix bo‘lib qolishi kerak
Jahon hamjamiyati yadro qurolini sinovdan o‘tkazishdan abadiy voz kechishi kerak, bu turdagi qurollar tarixda qolishi shart. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning navbatdagi bayonoti shu mazmunda.
“Dunyomiz yetarlicha uzoq vaqt davomida yadro quroli garovida bo‘lib keldi. Bu o‘lim vositasi na g‘alabani, na xavfsizlikni kafolatlaydi, faqat bor narsani yo‘q qilishga mo‘ljallangan. Kelinglar, yadro sinovi abadiy to‘xtashini ta’minlaylik va yadroviy qurollar tarixda qolib ketsin”, deb yozdi Bosh kotib ijtomoiy tarmoqdagi sahifasida.
29 avgust – Xalqaro yadro sinoviga qarshi kurash kuni, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 2 dekabrda e’lon qilingan.
Mazkur sananing tanlanishi 1991 yil 29 avgustda Qozog‘istondagi dunyodagi eng yirik yadroviy inshootlardan biri - Semipalatinsk poligoni yopilishi bilan bog‘liq.