Mojarolar, global tengsizlik, yolg‘on xabarlarni tarqatish va nafrat uyg‘otishga qaratilgan do‘q-po‘pisalar kuchaygani bois jahon hamjamiyati chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, sivilizatsiya alyansi global forumida so‘zga chiqqanda ushbu mavzuni tashvish bilan tilga oldi, deyiladi BMT yangiliklar xizmati tarqatgan xabarda.
«Agar biz hozir yer shariga nazar solsak, dunyo inqirozda ekanini ko‘ramiz. Tarqoqlik va nafrat kuchlari adolatsizlik va mojarolar muhitidan quvvat olmoqda. Boylar va qashshoqlar, global Shimol bilan global Janub, rivojlangan mamlakatlar bilan rivojlanayotgan iqtisodga ega mamlakatlar o‘rtasida tafovut tobora ortmoqda. Geosiyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy keskinlik chuqurlashmoqda», – dedi bosh kotib.
Guterrishning ta’kidlashicha, mojarolar, jumladan, Ukrainadagi urush mamlakatlarning hayoti va farovonligini izdan chiqarmoqda. «Yashash xarajatlari oshib ketishi bilan bog‘liq inqiroz, eng himoyasiz qatlam vakillariga og‘ir zarba bo‘ldi. Siyosiy yetakchilarning bir-biriga bo‘lgan ishonchiga darz ketdi», – qo‘shimcha qildi u.
BMT bosh kotibi inson huquqlarining ta’minlanishi, yolg‘on xabarlar tarqatish, nafrat uyg‘otuvchi do‘q-po‘pisalar hamda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratdi. «Antisemitizm, musulmonlarni ko‘rolmaslik, nasroniylarni ta’qib qilish, ksenofobiya va irqchilik kabi eski illatlar yana kuch olmoqda», – dedi u.
Guterrish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni ham tilga oldi. «Iqlim orqaga qaytarib bo‘lmaydigan chegaraga qarab juda tez harakatlanmoqda. Bu kutilgan va fojeaviy yakun bo‘lib, unga qarshi birgalikda kurasha olmayapmiz», – qo‘shimcha qildi BMT bosh kotibi.