Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT Bosh kotibi G‘azoning Al-Mevasi hududiga hujumni qoraladi
17:27 / 2024-07-14

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektori Xon Yunus shahridagi Al-Mevasi hududiga uyushtirilgan hujumni qoraladi.

Tuzilma rahbari Isroil armiyasi avvalroq “xavfsiz hudud” deb e’lon qilgan Al-Mevasidagi ko‘chirilgan odamlarga nisbatan qilingan harbiy harakatdan “dahshatga tushgani va afsusda ekani”ni ta’kidladi.

Guterrish idorasi eslatishicha, aholi zich joylashgan mazkur hududga hujum oqibatida 90 kishi halok bo‘lgan, 300 kishi yaralangan.

– Bu hodisa G‘azo sektorida xavfsiz joy yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatdi, – deyilgan xabarda. – BMT tinch aholi, ayniqsa bolalar va ayollar o‘ldirilishini keskin qoralaydi. Xalqaro gumanitar huquq, jumladan hurmat, mutanosiblik va ehtiyot chorasi tamoyili hurmat qilinishi shart.

Bosh kotib urushga chek qo‘yish zarurligini yana bir bor ta’kidlab, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va sektordagi mahbuslarni ozod qilishga chaqirgan.