BMT BA 80-sessiyasi prezidenti Annalena Berbok dushanba kuni Oliy darajadagi haftalikni yakunlarkan, Birlashgan Millatlar Tashkilotini “muloqot uyi” deb atadi.
Hafta davomida Bosh Assambleyada 189 davlatdan vakil, jumladan 124 mamlakat va hukumat rahbari nutq so‘zladi. Anjuman xalqaro hamjamiyat urush va iqlim tahdididan tortib, sun’iy intellekt va gender tenglikkacha bo‘lgan murakkab mavzularni muhokama qilishga tayyorligini ko‘rsatdi.
G‘azo, Ukraina, Sudan – harakatga chaqiruv
Asosiy mavzu tinchlik va xavfsizlik edi. Berbok davlatlarni G‘azodagi begunoh aholini himoya qilish, Ukrainada tinchlik o‘rnatish, Sudandagi ayollar va qizlar xavfsizligini ta’minlash uchun “ko‘proq harakat qilish”ga chaqirdi.
– Биз Nizom va xalqaro huquqqa qanchalik qat’iy amal qilsak, Tashkilot ham shunga yarasha kuchli bo‘ladi, – dedi u.
Berbok, ayniqsa, Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha konferensiya va Nyu-York deklaratsiyasi qabul qilinishini yuqori baholadi:

– Bu qadamlar ancha vaqt boshi berk ko‘chaga kirib qolgan masala bo‘yicha “diplomatik siljish”.
Shu bilan birga notiq haqiqatni tekshirish davom etayotganidan ogohlantirib, shunday hulosa yasadi:
– Siyosiy sur’atni aniq qadamlarga aylantirish, jumladan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, insonparvarlik yordamini ta’minlash va ikki davlat yechimini amalga oshirish muhim.
Iqlim inqirozi – XXII asrning eng jiddiy tahdidi
Ijobiy ishlar qitorida Bosh Assambleya rahbari o‘tgan yil qayta tiklanadigan energiyaga 2 trillion dollar investitsiya kiritilganini aytib o‘tdi. Faqat kam moliyalashtirish iqlim adolati yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Berbok 2015 yil qabul qilingan majburiyatlarni bajarishga chaqirdi va “Bu xayriya emas, umumiy kelajagimizga qo‘yilgan sarmoya”, dedi.
Sun’iy intellekt: Qiyinchilik va imkoniyat
Germaniyalik diplomat sun’iy intellekt bo‘yicha global muloqot muhimligiga e’tibor qaratarkan, bu resurs “bir necha kishi tomonidan boshqarib bo‘lmaydigan darajada kuchli”ligini ta’kidladi. SIdan teng va nazorat ostida foydalanishga chaqirdi.

Gender tenglik – erkinlik ko‘rsatkichi
Berbokning fikricha, yetakchi ayollar Pekin platformasi 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan nutq haftalikning ilhomlantiruvchi lahzasiga aylandi:
– Agar ayol ozod bo‘lmasa, hech kim ozod emas. Ayol ozod bo‘lsa, hamma erkin!
Gender tafovutini bartaraf etish jahon yalpi ichki mahsulotiga yetti trillion dollar qo‘shishi mumkin.

Berbok BMTning 80 yilligi nafaqat nishonlanadigan voqea, balki yangilanish uchun imkoniyat ham ekanini ta’kidladi:
– Bosh kotibning ma’ruzasi, jumladan BMT byudjetini ko‘rib chiqish va tuzilmaviy o‘zgarishlar bo‘yicha takliflar yanada samarali bo‘lib, Tashkilot unumli ishlashiga aniq yo‘l ochadi. Bu faqat xarajatni qisqartirish bilan bog‘liq emas. Bu ustuvor masala.
Yig‘ilish raisi delegatsiyalarni milliy darajadagi islohotlarni muhokama qilishda davom etish va BMTni yanada kuchliroq qiladigan jarayonni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi:
– Ushbu hafta biz umumiy yetakchilik, jamoaviy yechim va chorrahada to‘g‘ri tanlov uchun iroda topa olishimizni ko‘rsatdi. Keling, o‘tmish merosidan ilhom olaylik. Birga bo‘lsak, yorqin kelajak sari qo‘rqmasdan, safimiz buzilmagan holda, birgalashib dadil intilamiz.
Saidmurod Rahimov tayyorladi. O‘zA