Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Jahon bojxona tashkilotining Konteynerda tashuvlar ustidan nazorat Global dasturi doirasida Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona postida maxsus amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
Unda Bojxona qo‘mitasining “Olot”, “Chuqursoy texnik idora”, “Yallama” va “Ayritom” chegara bojxona postlarida faoliyat olib borayotgan port nazorati guruhlari a’zolari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarni Narkotiklarga qarshi kurashish va uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha Turkiya xalqaro akademiyasining yuqori malakali mutaxassislari olib bordi.

Ishtirokchilar transport vositalari va yo‘lovchilarni profillash, noqonuniy tovarlar va giyohvand vositalarni yashirish usullari, ularni aniqlashda e’tibor qaratilishi lozim jihatlar hamda bojxona nazoratida og‘zaki so‘rovdan o‘tkazish texnikasi kabi qator mavzularda o‘z bilim va tajribalarini boyitdi.
Shuningdek, yuk va ularga tegishli bo‘lgan hujjatlarni tekshirish usullari bo‘yicha port nazorati guruhlari a’zolarining nazariy va amaliy bilimlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar xavflarni baholash va giyohvand moddalarni olib o‘tish yo‘nalishlari kabi qator mavzularda zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.