Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyadagi urush tufayli kamida 100 ming kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning qarindoshlari yaqinlari taqdiridan xabardor bo‘lish uchun bor kuchini sarflamoqda. Suriya xalqi jaholatda yashamasligi, xalqaro hamjamiyat bu borada mamlakatga yordam ko‘rsatishi lozim. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida Suriyada bedarak yo‘qolganlar masalasiga bag‘ishlab tashkil etilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi.
– Suriya xalqi 12 yil davomida shafqatsiz urush, tizimli vahshiylik va tasavvur qilib bo‘lmaydigan qiyinchilikdan aziyat chekdi, – dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish. – Ular og‘ir insoniy qayg‘uga duch keldi. O‘tgan oy sodir bo‘lgan dahshatli zilzila ushbu davlatning insonparvarlik ehtiyojini yanada kuchaytirdi. Mamlakat ichi va tashqarisida millionlab suriyaliklar, jabrdiyda qochqinlar butunlay umidsizlikda yashamoqda. Ulg‘ayib borayotgan suriyalik bolalar urushsiz bir kun ham yashamagan. Suriya xalqi kelajakka umid qilishga haqli. Suriyaliklar tinchlik va xavfsizlikka loyiq. Ular o‘z yaqinlari taqdiriga doir haqiqatni bilishlari shart. Kelajakdagi yarashuv jarayoni ko‘p jihatdan bedarak yo‘qolganlar taqdiriga oydinlik kiritilishiga bog‘liq. Urush payti o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan, o‘g‘irlangan yoki bedarak yo‘qolgan 100 mingga yaqin suriyalikning qayerdaligi va taqdiri hozircha noma’lum.
Guterrish Suriya oilaviy uyushmalari va fuqarolik jamiyati guruhlari faoliyatini, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlarning bedarak yo‘qolgan odamlarni qidirish borasidagi ishini yuqori baholadi. Bosh kotib fikricha, bunday tashkilotlar sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlash kerak. Shu munosabat bilan BMT rahbari Bosh Assambleya tomonidan bedarak yo‘qolganlarning taqdirini bilish, qayerdaligiga oydinlik kiritish, qurbonlar va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi xalqaro mexanizm yaratishga chaqirdi. Bosh kotib xalqaro hamjamiyatni “mustahkam tinchlik yo‘lidagi to‘siqni bartaraf etishda” suriyaliklarga yordam berishga chaqirdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkning fikricha, bedarak yo‘qolgan suriyaliklar haqida gap ketganda 100 ming soni tez-tez tilga olinadi, biroq haqiqiy raqam bundan ancha yuqori. Afsuski, suriyaliklarning ko‘pchiligi bedarak yo‘qolgan qarindoshi haqidagi har qanday ma’lumot uchun oxirgi puli yoki qimmatbaho buyumini, hatto, nikoh uzugini-da berishga tayyor. Achinarlisi, ular ko‘pincha yaqinlarini izlashda ekspluatatsiya, jismoniy tahdid yoki tovlamachilik xavfiga duch kelishadi. Yo‘qolganlarning aksariyati erkaklar, biroq ular orasida ayollar ham bor.
Yana bir xavotirli jihat: ozodlikka chiqqan ko‘plab ayollar va qizlarni oila a’zolari jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan, degan taxmin tufayli qabul qilmaydi. Shu bois bunday ayollarning ko‘pi o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Folker Turk Suriyadagi bedarak yo‘qolganlar inqirozi ko‘lami hayratlanarli ekani, muammoni hal qilish uchun xalqaro hamjamiyatdan qat’iy qadamlar talab qilinishini aytdi. Oliy komissar, BMT Bosh kotibi kabi, oilalar, jamoalar va butun jamiyat uchun muhim bu masalada oldinga siljish kuzatilmasa, Suriyada barqaror tinchlik o‘rnatilmasligiga urg‘u berdi.
G.Sattorova, O‘zA