Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT: Afg‘onistonning insonparvarlik ehtiyojlari qish mavsumi sabab ortib bormoqda
19:03 / 2022-01-06

Afg‘onistondagi vaziyat, ayniqsa, qish tufayli kundan-kunga og‘irlashmoqda, — deya xabar beradi BMT matbuot xizmati.

Mamlakat bo‘ylab millionlab odamlar to‘yib ovqatlanmaydi va sovuqdan aziyat chekmoqda. Kuchli qor ko‘plab afg‘on oilalarini tashqi yordamdan uzib qo‘ydi.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakatning ko‘plab hududida kuchli qor hamda yomg‘ir yog‘gan. Bularning barchasi Kobul aeroportiga qaytayotgan reyslar uzilishiga olib kelmoqda.

BMT agentliklari yordamni ko‘paytirmoqda, muhtojlarga oziq-ovqat va tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Lekin, ko‘pgina afg‘on oilalari uylarini isitish uchun hech narsasi yo‘q, sovuq uylarda yashashmoqda.

Afg‘onistonda ayni paytda aholiga muhim oziq-ovqat, tibbiy yordam ko‘rsatuvchi, qishloq xo‘jaligi rivojini qo‘llab-quvvatlovchi, ta’lim, suv ta’minotini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashuvchi 160 ga yaqin milliy va xalqaro gumanitar tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

— Dekabr oyida bizning gumanitar hamkorlarimiz mamlakat bo‘ylab 7 million kishiga oziq-ovqat yetkazib berdi, — dedi BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

2021 yilda donor davlatlar Afg‘onistonga 1,5 milliard dollar ajratgan.

Ulug‘bek Mahmirzayev