Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMT Afg‘onistonda yana bir inqiroz xavfidan ogohlantirmoqda
18:22 / 2025-09-18

-

BMT Xavfsizlik Kengashi kecha Afg‘oniston bo‘yicha navbatdagi chorak uchun brifing o‘tkazdi. Tadbirda Tashkilotning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili,ushbu mamlakatga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari Roza Otunbayeva mamlakatda kuchayib borayotgan inqirozdan jiddiy ogohlantirish berdi. Uch yillik vakolati muddati yakunlanishi arafasida Kengashga qilgan so‘nggi murojaatida u mavjud vaziyat mintaqani yanada beqarorlashtirishi xavfi paydo bo‘lganiga urg‘u berib, yuzaga kelgan o‘zaro bog‘liq gumanitar, iqtisodiy va huquqiy inqirozni “mukammal bo‘ron” sifatida tavsifladi.

Tolibon nazoratiga qaramay, xavfsizlik masalasi dolzarbligini yo‘qotmayapti

BMT so‘nggi choraklik hisobotiga ko‘ra, may-iyul oylarida Afg‘onistonda xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa 9 foiz ko‘payib, 2 658 holatni tashkil qilgan. Afg‘oniston Ozodlik fronti va Milliy qarshilik fronti kabi qurolli muxolif guruhlar 47 hodisa uchun javobgarlikni zimmalariga olgan bo‘lsa-da, faktlardan faqat 19 tasi tasdiqlangan. Binobarin, bu Tolibonning hududiy nazoratiga jiddiy tahdid tug‘dirmaydi.

Tolibonning qarshi amaliyotiga qaramay, ISHID-K faolligini saqlab qolmoqda va shov-shuvli hujumlar uyushtirmoqda. Jumladan, iyunda Badaxshon viloyatidagi shia masjidi imomi o‘ldirildi. Pokiston bilan chegaradagi vaziyat keskinlashdi: BMT Tolibon va Pokiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi 14 holat, jumladan Xo‘st, Kunar, Nangarhor va Paktika viloyatlarida qurolli to‘qnashuvni qayd etgan.

Kuchli zilziladan so‘ng gumanitar inqiroz yanada kuchaymoqda

31 avgust kuni Afg‘oniston sharqida yuz bergan halokatli zilzila mamlakatdagi gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirdi. 6.0 magnitudali zilzila, asosan, Kunar va Nangarhor viloyatlarida 2205 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 3640 odamni jarohatladi. Ofat 6700 dan ziyod uyni vayron qilib, 441 qishloqqa zarar yetkazdi. Qutqaruv ishlari murakkab relef va ko‘chki tufayli qiyinlashdi.

Joriy yil xalqaro gumanitar moliyalashtirish chalkam 50 foiz qisqargani bois, yordam ko‘rsatish imkoniyati jiddiy cheklandi. Buyuk Britaniya zilzila oqibatini bartaraf etish uchun qo‘shimcha 4 million dollar ajratishini e’lon qilib, o‘z hissasini jami 5,4 million dollarga yetkazdi. Xayriya tashkilotlari esa hali ancha ko‘p yordam zarurligini ta’kidlamoqda.

Ommaviy qaytish resurslarni zo‘riqtirmoqda

2025 yil Eron va Pokistondan 1.6 milliondan ortiq afg‘on qaytishi mamlakatga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Iqtisodiyot 1 milliard dollarlik pul o‘tkazmasidan mahrum bo‘ldi, mahalliy xizmatga ortiqcha yuklama tushmoqda. Sentyabr oyi birinchi haftasidayoq Pokistondan 100 000 kishi keldi.Shu bois yordam ko‘rsatish imkoniyati izdan chiqish arafasida.

Qirg‘izistonlik Roza Otunbayeva ta’kidlashicha, Afg‘onistonning iqtisodiy o‘sishi aholi soni ko‘payishidan 2,7 foiz ortda qolmoqda, afg‘onlarning 75 foizi tirikchilik chegarasida yashamoqda. U Kobul yaqin yillarda “suvsiz qoladigan ilk zamonaviy shahar”ga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Zero, iqlim o‘zgarishi mavjud muammolarni yanada kuchaytirmoqda.

https://amu.tv/wp-content/uploads/2025/04/Roza-Otun2-1200x700.jpg

Lavozimini topshirayotgan maxsus vakil “aksar afg‘onlar to‘siqlarga qaramay, xalqaro hamjamiyat va o‘z mamlakati o‘rtasidagi aloqalar davom etishini xohlamoqda” deya ta’kidlab, Afg‘onistonda kuchayib borayotgan inqirozni yengib o‘tish uchun mafkuraviy yondashuv emas, amaliy yechim izlashga chaqirdi.

Abduaziz Xidirov, O‘zA sharhlovchisi