BMT: 8 500 dan ortiq bolalardan askar sifatida foydalanilgan
Dushanba kuni BMT rahbari Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashiga bolalar va qurolli to‘qnashuvlar bo‘yicha yillik hisobotida bolalarni o‘ldirish, mayib qilish, o‘g‘irlash, maktablar va kasalxonalarni nishonga olish kabilar bo‘yicha qayd etilgan mamlakatlar va statistik raqamlarni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 21 ta mojaroda 19 379 nafar bolaga nisbatan huquqbuzarliklar sodir etilganligi qayd etilgan. 2020 yilda eng ko‘p qoidabuzarliklar Somali, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Suriya va Yamanda sodir etilgan.
O‘tgan yili dunyoda 8521 boladan askar sifatida foydalanilgan, yana 2674 nafar bola halok bo‘lgan va 5748 bola turli darajada jarohat olgan.
Hisobotda aytilishicha, BMT bolalarni himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga undash maqsadida shakllantirgan qora ro‘yxatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, huquqbuzarliklar sodir etgan mamlakatlar qayd etib boriladi. Ro‘yxat uzoq vaqtdan buyon dunyo diplomatlarining bahsli muhokamalariga sabab bo‘lib kelmoqda.